Ronalduda het-trik, Daniyada fantastik natija, Albaniyada tartibsizlik. JCH saralashi o‘yinlari
Chorshanba, 13 Oktabr
8288

Seshanba kuni Yevropada JCH-2022 saralashi siklining oktyabr oyidagi o‘yinlari yakunlandi. Germaniya ortidan Daniya ham Qatarda bo‘lib o‘tadigan mundial yo‘llanmasini naqd qildi.

Fantastik Daniya va irodali Shotlandiya

Gruppa F
Daniya — Avstriya — 1:0 (Mehle, 53).
Farer orollari — Shotlandiya — 0:1 (Dayks, 86)
Isroil — Moldaviya — 2:1 (Zahavi, 28. Dabbur, 49 — Nokolaesku, 90+4).

Daniyaga 7 g‘alabadan iborat seriyasi va to‘plar nisbati bo‘yicha fantastik ko‘rsatkichidan keyin JCH-2022da mezbonlar Qatar va bir kun oldin yo‘llanmaga ega bo‘lgan Germaniyadan keyin uchinchi ishtirokchi bo‘lish uchun bu turda durang o‘ynash ham kifoya qilardi. Avstriyaliklar qo‘ldan kelgancha bardosh berishdi, darvozabon Baxmann bir necha marta mo‘’jiza ko‘rsatdi, ammo uni baribir Mehle dog‘da qoldirishga erishdi. Yevropa chempionati kashfiyotlaridan biriga aylangan «Atalanta» himoyachisi darvozaning uzoq burchagini nishonga olayotgandek harakat qildi va darvozabon o‘sha tomonga otilganida to‘pni yaqin burchakka yumalatib yubordi.

Endi faqat bir intriga qoldi - Daniya saralash siklining oxiriga qadar gol o‘tkazmaslikda davom etadimi? Ayni vaqtda Kasper Yulmann jamoasi 8 o‘yinda 27 gol urgan va birorta gol o‘tkazib yubormagan. Bu natija — Kristian Eriksen hali tarkibga qaytmaganida. Daniyaliklar hujum chizig‘ining yana ikki vakili - Dolberg va Breytueyt ham jarohatini davolatishda davom etmoqda.

Bu guruhda ikkinchi o‘rin ko‘p ehtimol bilan Shotlandiyaga nasib etadi. Bu jamoa so‘nggi o‘yinlarda g‘alaba uchun fantastik iroda ko‘rsatmoqda. Britaniyaliklar qatorasiga ikkinchi turda so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketishmoqda, jamoaning asosiy qahramoni esa — Dayks bo‘lmoqda. Ushbu hujumchi qatorasiga to‘rt o‘yinda raqiblar darvozalarini ishg‘ol etdi, bu gollardan uchtasi g‘alaba goli bo‘lib chiqdi. Pley-offga o‘tish uchun shotlandlar keyingi turda safarda Moldaviyani mag‘lub etishi yetarli bo‘ladi.

12 noyabr. Daniya — Farer orollari, Moldaviya — Shotlandiya, Avstriya — Isroil.

Keyn yana gol urolmadi

I guruhi
Angliya — Vengriya — 1:1 (Stouns, 35 — Sholloi, 24, penalti).
Albaniya — Polsha — 0:1 (Sviderski, 77).
San-Marino — Andorra — 0:3 (Mark Puyol, 10. Serxi Moreno, 53. Kuku, 89).

O‘tgan turda inglizlar 1966 yildagi rekordlarini yangilashgan va yil boshidan buyon 12-o‘yinda darvozalari daxlsizligini saqlab qolishgandi. Bundan tashqari, «Sherlar»ning mag‘lubiyatsiz seriyasi 18 o‘yinga yetgan, bunaqasi 1990-yillardan buyon kuzatilmagandi. Seshanba kuni esa jamoa Shou tufayli ishlangan penaltidan gol o‘tkazdi.

Ushbu himoyachi raqibni ko‘rmay qoldi va uning boshiga oyoq bilan zarba berib yubordi. Lekin mudofaaning boshqa bir vakili — Stouns — maydon egalariga durang keltirdi, barcha Yevropa vitse-chempionlari g‘alabaga erishib, JCH yo‘llanmasini shu kuniyoq hal qilishini kutgandi, ammo bu o‘yinda asosiy hujumchi Keyn gol ura olmadi va saralash siklida 2017 yilda boshlangan va 15 o‘yin davom etgan golli seriyasini to‘xtatdi. Lekin Angliyada taqvim shundayki, Qatarga yo‘llanma — vaqt masalasi.

Bu oqshomda barchaning e’tibori ushbu guruhning boshqa vakillari - Albaniya va Polsha o‘rtasidagi hal qiluvchi uchrashuvga qaratildi. Avvaliga gap faqat turnirdagi vaziyat haqida edi, ammo vaziyatga muxlislar aralashdi. Sviderski to‘pni to‘xtatmay bergan zarbasi bilan hisobni ochgach, bu golni nishonlash vaqtida polyaklarga tribunadan butilkalar yog‘dirishdi. Fransuz arbitri Kleman Tyurpen jamoalarni kiyim almashtirish xonasiga olib ketdi va o‘yin davom ettirilishi ham so‘roq ostida qoldi. Agar o‘yin davom ettirilmasa, albanlarga texnik mag‘lubiyat yozilardi. Qariyb 20 daqiqadan keyin o‘yin davom ettirildi, ammo bu tanaffus albaniyalik futbolchilarning kayfiyatiga ta’sir qilib ulgurgandi. Polsha g‘alabani saqlab qoldi va Albaniyani quvib o‘tib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Keyingi turlarda Albaniya Angliyaga safar qiladi va Andorrani mehmon qiladi (agar UEFA jarima solish bilan cheklanmasa, o‘yin betaraf maydonda o‘tishi ham hech gap emas), Polsha esa so‘nggi ikki o‘yinni Andorra va Vengriyaga qarshi o‘tkazadi. Shunday ekan, guruhdagi birinchi va ikkinchi o‘rin egalari so‘nggi tur oldidan aniq bo‘lib ulgurishi ehtimoli yuqori.

Guruhdagi uchinchi uchrashuv futbol karliklari o‘rtasida kechdi va unda shu vaqtgacha biror marta bir o‘yinda uch gol urmagan Andorra o‘z tarixidagi ilk g‘alabani nishonladi.

12 noyabr. Angliya — Albaniya, Andorra — Polsha, Vengriya — San-Marino.

Serbiya hozircha birinchi

A guruhi
Portugaliya — Lyuksemburg — 5:0 (Krishtianu Ronaldu, 8, penalti, 13, penalti, 87. Brunu Fernandesh, 17. Joau Palinya, 59).
Serbiya — Ozarboyjon — 3:1 (Vlahovich, 30, penalti, 52. Tadich, 83, penalti — Mahmudov, 45).

Krishtianu Ronaldu, kutilganidek, gollar urdi, endi Lyuksemburg portugaliyalik yulduzning sevimli jamoasiga aylandi. Bunga qadar Krish eng ko‘p gol urgan jamoalar Shvetsiya va Litva edi (7tadan), Lyuksemburg esa endi undan 9 gol o‘tkazgan jamoaga aylandi. Ronaldu ikkinchi bor 11 metrlik nuqtadan gol urganida o‘zining jismoniy holatini yana bir bor namoyish etdi.

Ammo u xato zarba berganida ham Portugaliyada bu o‘yinda muammo bo‘lmasdi. Ruy Patrisiu terma jamoa uchun 100-o‘yinida zerikib qoldi. Lekin tribunalarda hech kim zerikmayotgandi. Muxlislar besh golga, jumladan Ronalduning het-trigiga guvoh bo‘lishdi — faoliyatida 58-, terma jamoada o‘ninchisi. So‘nggisi — jahon rekordi, ammo portugaliyalik hali to‘xtamoqchi emas. Saralashdagi gollari soni bo‘yicha (36) u eronlik Ali Dayiga yetib oldi. Bu boradagi eng yaxshi natijaga ega gvatemalalik Karlos Ruisni quvib yetish uchun yana uch gol yetarli.

Belgradda ham barchasi penaltidan boshlandi, uni Vlahovich ishladi va o‘zi aniq ijro etdi. «Fiorentina» hujumchisi terma jamoaning qatorasiga uchinchi o‘yinida gol urdi va aftidan u terma jamoaning asosiy hujumchisi rolini Mitrovichdan olib qo‘ydi. Ammo, Portugaliyadan farqli ravishda bolqonliklar birinchi golga keyingilarini ulay olishmadi va tanaffus arafasida Mahmudovdan gol o‘tkazib yuborishdi.

Bu vaziyatda serblar darvozaboni Raykovich raqibni aldab o‘tishga harakat qildi va kulgili holatda gl o‘tkazib yubordi. Uning baxtiga ikkinchi bo‘limda Vlahovich yana gol urib kecha qahramoniga aylandi, Serbiya esa guruh yetakchisi bo‘lib oldi. Ammo Portugaliyada zaxira o‘yini bor va so‘nggi turda ular asosiy raqobatchisini Lissabonda qabul qilishadi.

11 noyabr. Irlandiya — Portugaliya, Ozarboyjon — Lyuksemburg.

Yakin Manchiniga yetib oldi

S guruhi
Litva — Shveysariya — 0:4 (Embolo, 31, 45. Shteffen, 42. Gavranovich, 90+4).
Bolgariya — Shimoliy Irlandiya — 2:1 (Nedelev, 53, 63 — Vashington, 35).

Bir necha kun muqaddam litvaliklar bu sikldagi ilk g‘alabasini nishonlab, o‘z muxlislari uchun bayram uyushtirishgandi. Ammo inqiroz davridagi bolgarlarga qarshi o‘ynash boshqa ish, mustahkam Shveysariya bilan o‘ynash boshqa. Boltiqbo‘yi jamoasi Emboloning burchak zarbasidan keyin urilgan birinchi goliga qadar chidashdi, shundan keyin mehmonlar ishonch bilan harakat qilib, yirik g‘alabaga erishdi.

Murat Yakin jamoasi ochkolari sonini Italiyaniki bilan tenglashtirib oldi, endi Qatar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma sohibi 12 noyabr kuni shu ikki terma jamoa o‘rtasida aniqlanadi. Yakin — Shveysariya termasidagi faoliyatini qatorasiga to‘rt quruq o‘yin bilan boshlagan ilk mutaxassis bo‘ldi.

12 noyabr. Italiya — Shveysariya, Shimoliy Irlandiya — Litva.

Shvedlar Ispaniyaga qarshi jangga tayyorlanmoqda

V guruhi

Shvetsiya — Gretsiya — 2:0 (Forsberg, 59, penalti. Isak, 69).
Kosovo — Gruziya — 1:2 (Murichi, 45, penalti — Okriashvili, 11. Davitashvili, 82).

Birinchi bo‘lim shunday taassurot uyg‘otdiki, greklar Fermopilda jang qilayotgan spartaliklarga aylanishdi. To‘g‘ri, shoh Leonidning jangchilari dushmanning hujumini to‘xtatib turishi talab etilgan, bu yerda esa ellinlar mehmon maqomida ekaniga qaramay olg‘a intilishdi. Birinchi bo‘lim davomida Shvetsiya ilojsiz holatda ko‘rindi, ammo bu kecha omad ularning tomonida bo‘ldi. Masurasning goli ofsayd tufayli bekor qilindi, keyin uning zarbasi darvoza ustuniga tegdi, Pavlidisning «ikkinchi qavatdan» hujumini darvoza to‘sini qaytardi.

Tanaffus skandinavlarga o‘zlariga kelib olish uchun imkon berdi, ikkinchi bo‘limda o‘yin xarakteri o‘zgardi va Mavropanosning Isakka ishlatgan foli mehmonlar uchun hal qiluvchi burilishga aylandi. 11 metrlik nuqtaga yaqinlashgan Forsberg adashmadi. O‘yinni nazorat qilishga o‘tgan Yan Andersson jamoasi raqib darvozasiga ikkinchi golni ham urdi, Isakning goliga to‘pni raqib jarima maydoniga yetkazib bergan darvozabon Ulsen assistentlik qildi. Bu g‘alabadan so‘ng Shvetsiya guruhda Ispaniyani quvib o‘tdi va guruh yetakchisiga aylandi. So‘nggi turda ikki favorit Sevilyada o‘zaro o‘yin o‘tkazadi, endi «Qizil furiya»ning xato qilishga haqqi yo‘q.

Shu kuni Prishtinada o‘tgan guruhdagi ikkinchi uchrashuvda hech narsa hal qilinmadi, ammo bu o‘yinda ham yodda qoladigan voqealar sodir bo‘ldi. Gruziya yildagi ilk g‘alabasiga erishdi, g‘alaba goliga Tulaning «Arsenal» klubi a’zosi Davitashvili mualliflik qildi.

11 noyabr. Gruziya — Shvetsiya, Gretsiya — Ispaniya.

Pukki Litmanendan o‘zib ketdi

Ye guruhi
Qozog‘iston — Finlandiya — 0:2 (Pukki, 46, 47).
Ukraina — Bosniya — 1:1 (Yarmolenko, 15 — Ahmadhojich, 77).

Finlandiya ikkinchi o‘rin uchun da’vogarlar qatorida qoldi, yana jamoaning asosiy yulduzi sa’y-harakatlari evaziga. Pukki dubl qayd etib, terma jamoadagi gollari sonini 33taga yetkazdi va afsonaviy Yari Litmanenni ortda qoldirgan holda Suomi tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylanib oldi. Endi undan noyabrdagi o‘yinlarda ham qahramonlik kutishadi, Markku Kanerva jamoasidan muhim o‘yinlarda xato qilmaslik talab etiladi — Bosniyaga qarshi safar va Fransiyaga qarshi uy o‘yinlarida.

Ukraina esa o‘z uyida Bosniyani mag‘lub etolmadi va pley-off o‘yinlariga o‘tish imkoniyatini keskin pasaytirdi.

Yevro-2020dan keyin Shevchenko o‘rniga tayinlangan Aleksandr Petrakov hamon vazifa bajaruvchi maqomida. U jurnalistlar uchun ochiq emas, jamoaning asosiy futbolchilaridan biri Ruslan Malinovskiyni yig‘inlarga chaqirmayapti va bu jamoada ichki muhit yaxshi emasligini ko‘rsatadi. Hozirgi holatida Ukraina Fransiyani quvib o‘tishi imkonsiz, ikkinchi o‘rin ham boy berib qo‘yilishi mumkin.

Sariq-ko‘klar guruhdagi dastlabki 5 o‘yinda durang o‘ynashgandi (guruh yetakchisi Fransiya bilan ham, guruh autsayderi Qozog‘iston bilan ham ochkolar bo‘lishib olingan). Guruhda besh jamoa borligi tufayli jami 8 tur o‘tkaziladi, shunday ekan jamoadan oktyabr oyidagi ikki o‘yinda 6 ochko jamg‘arish talab etilardi. Ular bunga yaqin kelishdi - o‘tgan haftada Petrakov shogirdlari Finlandiya maydonidan g‘alaba bilan qaytishdi, ammo seshanba kuni jamoa Bosniyani mag‘lub etolmadi. Xelsinkidagi o‘yinda Yarmolenkoning goli natija keltirgandi, bu safar ham barchasi shunga qarab ketayotgandi, ukrainlar yetakchisi bu o‘yinda ham hisobni ochdi, ammo shundan keyinoq Petrakov butun jamoani himoyaga qaytardi. Birinchi bo‘limda Ukraina to‘pga egalik qilish bo‘yicha 60 foiz ustunlikka ega edi, 46-daqiqadan boshlab gol o‘tkazilgunga qadar bu ko‘rsatkich 37 foizni tashkil etdi.

Ukrainlarning saralashdagi unikal natijasi davom etadi - 7 o‘yindan 6tasida durang natija, endi ularda birgina o‘yin qoldi - safarda Bosniyaga qarshi. Ular hozircha ikkinchi, ammo ikki asosiy raqibda ham bittadan zaxira o‘yini mavjud. Katta ehtimol bilan oxirgi durang ular uchun hal qiluvchisi bo‘ladi va muxlislar bu jamoani Qatar maydonlarida ko‘rishmaydi.

13 noyabr. Fransiya — Qozog‘iston, Bosniya — Finlandiya.

Teglar

O'xshash yangiliklar