Yengilmas «Barsa»ni yenga olgan «Arsenal». Ular hozir qayerda?
Shanba, 18 Sentabr
14979

2011 yilning 16 fevral sanasida «Arsenal» UEFA Chempionlar Ligasi nimchorakfinali doirasida «Barselona»ni qabul qiladi. Guruh bosqichida «Shaxtyor»dan keyingi ikkinchi o‘rinni egallagan «to‘pchilar» qur’a natijasiga ko‘ra, kataloniyaliklarga raqib bo‘ladi. O‘sha mavsumni trebl bilan yakunlaydigan «Barsa» dastlabki bellashuvda londonliklarga mag‘lub bo‘ladi. Ta’kidlash joizki, bu «Arsenal»ning «ko‘k-anorranglilar» ustidan erishgan tarixdagi birinchi va hozircha oxirgi g‘alabasi bo‘lib turibdi.

Birinchi taymda David Vilya hisobni ochgach, Messining hisoblanmagan goli va «Barsa» hujumlar yomg‘iri fonida barchasi kutilganidek Gvardiola jamoasi foydasiga hal bo‘ladigandek edi. Lekin Arsen Venger futbol olamida o‘zining o‘zgartirishlari bilan mashhur. Arshavinning maydonga tashlanishi mezbonlar o‘yinini butkul o‘zgartirib, g‘alabani ta’minlagan edi. Ikkinchi o‘yinda mag‘lubiyatga uchrab, musobaqani tark etgan bo‘lsa-da, «kanonirlar» o‘z potensiallarini barchaga ko‘rsata olgandilar. Keling, o‘sha dahshatli «Barsa»ni yenggan «Arsenal» tarkibini birma-bir yodga olamiz.

Darvozabon: Voysex Shensni

Faoliyat yo‘li: «Arsenal», «Brentford», «Roma», «Yuventus».

«Brentford»dagi ijara mavsumi yakunlangach, «Arsenal»ga qaytgan yosh Shensniga klub muxlislari jamoa darvozasining yangi, ishonchli egasi sifatida qarashar edi. U bir nechta ajoyib mavsumlarni o‘tkazganini tan olgan holda aytish kerakki, polshalik darvozabon kutilganidek «Arsenal» afsonalaridan biriga aylanmadi. Uni Londondagi hayoti davomida maydon tashqarisidagi muammolar ko‘proq qiynay boshladi. Hali o‘z darajasini yo‘qotmaganiga qaramay, Venger uni jamoasida ko‘rishni xohlamaydi. Bunga sabab futbolchining «Sauthempton»ga qarshi bellashuvdan so‘ng, jamoa kiyinish xonasida chekkanligi bo‘lgandi. Bu haqida Voysex quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgan: «Murabbiy meni chekishimni bilar edi va u buni yoqtirmasligini men ham tushunardim. U jamoadoshlarim bor joyda chekishimni taqiqlab qo‘ygandi. «Sauthempton»ga qarshi uchrashuvdan so‘ng, emotsiyaga berilib jamoadoshlarim kiyinish xonasini tark etmasdan avval sigaret chekdim va murabbiy meni jazoladi».

Shundan so‘ng, klub uni «Roma»ga ijaraga berib yuboradi va darvoza David Ospinaga ishonib topshiriladi. Kolumbiyalik darvozabon ishonchni oqlay oldi. Bundan tashqari jamoaga Petr Chex ham olib kelindi. Shu tariqa, ichki tartib qoidaga bo‘ysunmagan Shensnining o‘rni berkitildi.

O‘ng qanot himoyachisi: Emmanuel Ebue

Faoliyat yo‘li: «ASEK Mimozas», «Beveren», «Arsenal», «Galatasaroy», «Sanderlend».

2006 yilgi UEFA Chempionlar Ligasi finalining ishtirokchilaridan biri hisoblangan Ebue «Arsenal» tarkibida 7 mavsum o‘tkazgandi. U «to‘pchilar» tarkibidagi YeCHL o‘yinlarini «Barselona»ga qarshi bellashuvlar bilan yakunladi. U texnikasi yuqori qanot himoyachilari qatoriga kirmasdi. Lekin mudofaa ishlarida ancha ishonchli o‘ynardi. Klub tarkibidagi 214ta uchrashuvdan so‘ng, ivuarlik futbolchi faoliyatini «Galatasaroy» bilan bog‘ladi. Turk grandi tarkibida ham 102ta o‘yin o‘tkazgach, yana APLga qaytdi. Bu gal u «Sanderlend» sharafini himoya qildi.

2017 yilda faoliyatini yakunlaganidan so‘ng, bir muddat «Galatasaroy»ning 14 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarini shug‘ullantirdi. Bugungi kunda u o‘z yurtida shaxsiy akademiyasini ochgan va yosh futbolchilarga mahorat darslari o‘tadi.

Markaziy himoyachi: Loran Koselni

Faoliyat yo‘li: «Gengam», «Tur», «Loryan», «Arsenal», «Bordo».

Yodga olayotganimiz futbolchilar orasida «Arsenal»ni eng so‘nggi bo‘lib tark etgan futbolchi - Loran Koselni. 2019 yilda fransuz himoyachisi «Bordo»ga o‘tib ketdi va hamon o‘z yurtida faoliyatini davom ettirmoqda.

U «Arsenal»ning afsonaviy futbolchilari qatoridan joy olishga yetarli mehnatni amalga oshirdi. Klub tarkibida 350dan ortiq o‘yinlarda ishtirok etdi. Aynan biz eslayotgan kechada aynan u Leo Messini zararsizlantirishga erishgandi. Ikkinchi o‘yinda argentinalik amalga oshirgan fantastik ishlar boshqa bir hikoya.

Markaziy himoyachi: Yoan Juru

Faoliyat yo‘li: «Arsenal», «Birmingem», «Hannover», «Hamburg», «Antalyaspor», SPAL, «Sion», «Ksamaks».

London klubi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan shveysariyalik futbolchi rostdan ham katta iqtidor egasi edi. Biroq uning faoliyati jarohatlar tufayli omadsiz davom etdi. «Birmingem»dagi ijara mavsumini yakunlagach, 2007 yilda «Emireyts»ga qaytdi va yarim mavsum ishonchli o‘yin o‘tkazdi. Biroq shundan keyin ketma-ket jarohatlar uni tinch qo‘ymadi. «Barsa»ga qarshi o‘yinni asosiy tarkibda boshlashi o‘sha paytlarda kutilmagan holat sifatida qaralgandi. Tez orada londonliklar Per Mertezaker bilan shartnoma tuzishdi va Juruning asosiy tarkibdagi o‘rni olib qo‘yildi.

2013 yilda uni «Hannover»ga ijaraga berib yuborishadi. Bir yil o‘tib, nemis klubi uni to‘liq sotib oladi. Ushbu jamoa safida 102ta o‘yin o‘tkazgach, Turkiyaga yo‘l oladi. 2020 yilgacha turli klublarda o‘ynagan Juru faoliyatini yakunlashga qaror qildi.

Chap qanot himoyachisi: Gael Klishi

Faoliyat yo‘li: «Kan», «Arsenal», «Manchester Siti», «Istanbul», «Servett».

Arsen Venger turli kichik klublardan iqtidorlarni topishni yaxshi ko‘rar edi. «Kan»da o‘ynab yurgan kezlarida Gael Klishini ham ilk payqagan inson aynan fransiyalik murabbiy bo‘lgan. U murabbiy ishonchini to‘liq oqlaydi. «To‘pchilar» tarkibida 264ta o‘yin o‘tkazib, klub tarixidagi eng yaxshi qanot himoyachilaridan biriga aylanadi. «Arsenal»ning mag‘lubiyatsiz mavsumi ishtirokchilaridan biri 2011 yilda kutilmagan tarzda «Manchester Siti»ga o‘tib ketadi. 2017 yilda «Istanbul»ga o‘tib ketishidan avval, fransuz futbolchisi «shaharliklar» uchun 203ta o‘yinda maydonga tushib ulgurgan va 2 marotaba APL chempionligiga erishgan edi. Turkiyada ham unga qahramondek qarashadi. Klubining chempionlik mavsumida eng so‘nggi turda chempionlikni taqdim etgan golga mualliflik qiladi. U hozirda Shveysariyaning «Servett» klubi a’zosi.

Markaziya yarimhimoyachi: Aleks Song

Faoliyat yo‘li: «Bastiya», «Arsenal», «Charlton», «Barselona», «Vest Hem», «Rubin», «Sion», «AS Arta/Solar».

2006 yilda «Bastiya»dan «Arsenal»ga o‘tgan Aleks Song tez fursatda katta o‘sishga erishdi. Venger undan o‘ziga kerakli top-darajali futbolchini yasay oldi va Song kuchli yarimhimoyachiga aylandi. 2011/2012 yilgi mavsumda uning Robin van Persi bilan bir-birini ajoyib tushuna olishi natijasida muxlislar bir qator ajoyib gollarga guvoh bo‘lishadi. Shundan so‘ng, uni «Barselona» o‘z tarkibiga qo‘shib oladi.

Ispaniyadagi faoliyati Song uchun omadsiz kechdi. Kataloniyaliklar safidagi 65ta o‘yinining aksariyatida u zaxiradan o‘yinga qo‘shilgandi. «Barsa»dan keyingi faoliyati ham muttasil pastlab bordi. Hozirda u Jibuti chempionatida faoliyat olib boradi.

Markaziy yarimhimoyachi: Jek Uilshir

Faoliyat yo‘li: «Arsenal», «Bolton», «Bornmut», «Vest Hem», «Bornmut».  

«Arsenal»da o‘tkazgan 17 yilidan so‘ng, 2018 yilda «Vest Hem»ga erkin agent sifatida yo‘l oldi. O‘sha tunda u o‘zini kelajagi porloq futbolchi sifatida ko‘rsatishga erishgandi. Xavi, Inesta va Buskets uchligiga qarshi o‘ynagan yosh Uilshir o‘zini yo‘qotib qo‘ymagandi.

Uning faoliyatini jarohatlar tanazzulga uchratdi. Hozirda u erkin agent maqomida.

Markaziy yarimhimoyachi: Sesk Fabregas

Faoliyat yo‘li: «Arsenal», «Barselona», «Chelsi», «Monako».

Londonliklar tarixida to‘p tepgan eng kuchli yarimhimoyachilardan biri hisoblangan Fabregas ham ushbu o‘yin qahramonlari orasida bor edi. Klub tarkibidagi 300dan ortiq o‘yinlar o‘tkazgan 8 yilidan so‘ng, futbolchi Kataloniyaga yo‘l oladi. Keyin esa «Chelsi» bilan shartnoma imzolab, 2 marta APL chempioniga aylanadi. 2019 yil yanvarida ispaniyalik futbolchi «Monako»ga qo‘shiladi va hamon ushbu klub safida to‘p tepadi.

Hujumkor yarimhimoyachi: Samir Nasri

Faoliyat yo‘li: «Marsel», «Arsenal», «Manchester Siti», «Sevilya», «Antalyaspor», «Vest Hem», «Anderlext».

O‘sha o‘yinda yakuniy nuqtani qo‘ygan Arshavinning goliga aynan Nasri uzatma amalga oshirgandi. 2008 yilda «Marsel»dan «to‘pchilar» tarkibiga qo‘shilgan Nasri Song va Fabregas bilan yaxshi chiqishib keta oldi. Klub tarkibida 125ta o‘yin o‘tkazishga muvaffaq bo‘ladi. Keyinchalik u «Manchester Siti»ga o‘tadi va u yerdagi faoliyati ham bir muncha omadli boshlanadi. Afsuski, yakun ko‘ngildagidek bo‘lmadi. «Sevilya»dagi ijara mavsumi ham muvaffaqiyatsiz chiqqach, Turkiyaga yo‘l oldi. Hozirda sobiq jamoadoshi Vensan Kompani qo‘l ostida «Anderlext»da faoliyat olib bormoqda.

Hujumkor yarimhimoyachi: Teo Uolkott

Faoliyat yo‘li: «Sauthempton», «Arsenal», «Everton», «Sauthempton».  

Kichik Teo bugun 30 yoshda. «Arsenal» safiga kelib qo‘shilgan past bo‘yli va chaqqon yigitcha klub tarkibida 397ta o‘yin o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Shu davr mobaynida 108ta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

2018 yilda «Everton» uni 20 mln funt-sterlingga sotib oladi. Ammo bu xarid o‘zini oqlamadi. Uolkott hozirda «Sauthempton»da o‘ynamoqda va uning faoliyati tobora pastlab boryapti.

Markaziy hujumchi: Robin van Persi

Faoliyat yo‘li: «Feyenoord», «Arsenal», «Manchester Yunayted», «Fenerbahche», «Feyenoord».

«Arsenal» tarixidagi eng kuchli markaziy hujumchilardan biri. Niderlandiyalik futbolchi «to‘pchilar» libosida 278ta o‘yin o‘tkazib, 132ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. 2012 yilda esa shaxsan Ser Aleks Fergyussonning taklifi bilan «Manchester Yunayted»ga ko‘chib o‘tadi. Ilk mavsumidayoq yangi jamoasi bilan APLda chempion bo‘ladi. 2015 yilgacha manchesterliklar tarkibida to‘p tepgan Robin klub tarkibida 105ta o‘yin o‘tkazib, 58ta gol urishga muvaffaq bo‘ladi.Faoliyatini esa boshlagan joyida - «Feyenoord»da tugatdi.

Zaxira: Manuel Almuniya, Kiran Gibs, Andrey Arshavin, Sebastyan Skillachi, Tomash Rositski, Denilson, Nikolas Bendtner.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi. 

Teglar

O'xshash yangiliklar