APLda London derbisi, La Ligada peshqadamlar jangi, A Seriyada «Yuve» «Milan»ga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi
Shanba, 18 Sentabr
5292

Yevrokuboklar haftasidan so‘ng milliy chempionatlarda ham navbatdagi tur o‘tkaziladi. Bunday paytlarda o‘yinlar yanada qiziqroq bo‘lishi tabiiy, chunki hafta davomida yevrokuboklarda maydonga tushgan peshqadamlar hafta davomida yaxshigina tiklangan raqiblarga qarshi qiyinchilikka duch keladilar. Kutilmagan hisoblar esa futbolning bezagidir.

E’tiboringizga ushbu dam olish kunlari kuchli beshlikda bo‘lib o‘tadigan qiziqarli o‘yinlar anonsini havola qilamiz. Albatta, bu yerda tilga olinmagan bahslarni ham nazardan qochirmang. 

APL. 5-tur.

18 sentyabr (shanba)

ASTON VILLA – EVERTON

O‘yin boshlanish vaqti: 21:30

TV-translyatsiya: FutbolTV

Bu jamoalar odatiy «top-7»ga kirmasa-da, tarkibi, o‘yini va so‘nggi mavsumdagi natijalari bilan bemalol peshqadamlarga eng yaqin kela oladi, deyish mumkin. «Everton» umuman hozirda jadvalni boshqarib turgan to‘rt jamoadan biri bo‘lib turibdi. Anchelotti ketib, Benites kelganda jamoa kelajagini shubha ostiga olayotganlar ko‘p edi, ammo dastlabki turlardagi o‘yinlar aksini isbotlamoqda. Yana bir e’tiborli jihat, «ko‘klar» ushbu mavsumdagi uch g‘alabadan ikkitasida hisobda ortda qolayotgan edilar. Ya’ni jamoada yo‘lga qo‘yilgan o‘yin va o‘ziga ishonch bor.

Yetakchi futbolchisini yo‘qotgan «Aston Villa»ni kuzatish ushbu mavsumda yanada qiziq bo‘ladi. Birmingemliklar Grilishning transferidan so‘ng, aksincha, kuchliroq bo‘la olishlariga asoslar yetarli. Sababi, tarkibga Denni Ingz, Eshli Yang kabi tajribali, shuningdek, Beyli, Buendiya kabi ulkan salohiyatga ega bo‘lgan futbolchilar kelib qo‘shildilar. Bu transferlar nafaqat Grilishning o‘rnini to‘ldiradi, balki «Aston Villa»ni yanada muvozanatli tarkibga aylantirishi mumkin.

Dastlabki turdagi natijalar aldab qo‘ymasligi kerak, zero jamoa o‘yini yangidan shakllanmoqda. O‘tgan turda «Chelsi»dan yirik hisobda mag‘lubiyatga uchralgan bo‘lsa-da, o‘sha o‘yinning ayniqsa 1-taymida mezbonlardan yaxshiroq o‘yin namoyish qilishgandi. Faqat darvozabon Mendining qahramonliklari «Chelsi»ni o‘yinda ushlab qoldi.

Tarkiblar borasida «Everton»ning yo‘qotishi jiddiyroq ta’sirga ega. Jamoa to‘purari Dominik Kalvert-Levin jarohat tufayli sheriklariga yordam bera olmaydi. Koronavirus tufayli hali mavsumda birorta o‘yinda qatnashmagan Xames Rodrigesning maydonga tushishi ham hamon so‘roq ostida. 

La Liga. 5-tur. 18 sentyabr

ATLETIKO – ATLETIK

O‘yin boshlanish vaqti: 19:15

TV-translyatsiya: MatchTV Futbol

«Real» va «Barsa»dagi moliyaviy muammolar birdaniga «Atletiko»ni La Liganing eng kuchli jamoasiga aylantirib qo‘ydi. O‘tgan yilgi chempionlik ko‘proq raqiblarning o‘yin borasidagi inqirozlari va muvaffaqiyatsiz seriyalariga tayangan bo‘lsa, bu safar endi chindan ham «Atletiko» turnirning asosiy favoriti hisoblanmoqda. Klub amalga oshirilgan aniq transferlar, Grizmann, De Paul kabi futbolchilarning kelib qo‘shilishidan keyin Simeone jamoasi peshqadamligi odatiy hol.

«Atletik» esa aynan favoritlarni to‘xtatib qolishi bilan mashhur. 2-turda «Barselona» bilan durang xuddiki, bilbaoliklarning peshqadamlarga qarshi odatiy yaxshi o‘yini deb baholangan bo‘lsa, keyingi turlar ko‘rsatdiki, «Atletik» endi barqaror natijalarga ham tayyor. Marselino shogirdlari 4 turdan so‘ng hali mag‘lubiyatga uchramagan 6 jamoadan biri bo‘lib turibdi. Jamoa ikki g‘alaba va ikki durangga erishgan.

O‘zaro o‘yinlar ham doim murosasiz kechgan. «Atletiko» Madriddagi oxirgi 6 o‘yinda «Atletik» ustidan g‘alaba qozonib kelayotgan bo‘lsa-da, bu o‘yinlarning 3tasida bilbaoliklar uchrashuv davomida hisobda oldinda borganliklarini ta’kidlash kerak. Demak, bugun ham «Atletik»dan oson taslim bo‘lishni kutmasak bo‘ladi.

O‘tgan turda «Espanol»ga qarshi o‘yin qahramoni, ikkinchi taymda maydonga tushib so‘nggi daqiqada g‘alaba golini urgan Tomas Lemar bu safar «sehrli tayoqcha» bo‘la olmaydi. Fransiyalik futbolchi Chempionlar Ligasi o‘yinida jarohat oldi va bir necha haftaga safdan chiqdi.

APL. 5-tur.

19 sentyabr (yakshanba)

VEST HEM – MANCHESTER YUNAYTED

O‘yin boshlanish vaqti: 18:00

TV-translyatsiya: FutbolTV/UzReportTV

Bu o‘yinga savollar ko‘p. Bir paytlar «MYU»ni boshqargan, o‘tgan yili esa faqat noto‘g‘ri gol evaziga manchesterliklar g‘alaba qozonganini aytgan Devid Moyes bu safar o‘yinda nima o‘ylab topadi? Jessi Lingard Chempionlar Ligasidagi xatosini sobiq jamoasiga qarshi yuva oladimi? Krishtianu Ronaldu gol urishda davom etadimi? Umuman qaysi «MYU» haqiqiysi – «Lids» va «Nyukasl» bilan o‘yindagimi yoki «Vulverhempton» va «Yang Boyz» bilan o‘ynaganimi? Qizig‘i, Sulsherning ilk yillaridan beri mana shu savol ko‘p beriladi, jamoa endi o‘yinini topdi deganda, qandaydir nursiz davr boshlanadi yoki aksincha.

«Vest Hem» o‘tgan yilgi natija tasodif emasligini yangi mavsumda ham isbotlashda davom etyapti. Moyes asta-sekin Londonda yana bir kuchli jamoa, davomli tarzda top-klublar orasida yuradigan yangi «Lester»ni quryapti. Bemalol aytish mumkinki, hozirda «Vest Hem» o‘z yetakchilari, tanisa bo‘ladigan uslubi va yetarli ustunliklariga ega bo‘lgan jamoaga aylanib ulgurdi.

Ammo bu safar londonliklar ikki muammoni yechishlari kerak. Birinchisi, mavsumni zo‘r boshlab, 4 turda 7 golda ishtirok etgan va 4 gol bilan to‘purarlar ro‘yxatini ham boshqarib turgan Maykl Antonio ushbu uchrashuvda maydonga tusha olmaydi. U «Sauthempton»ga qarshi o‘yinda ikkinchi sariq kartochka tufayli maydondan chetlatildi va bir o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Ikkinchi muammo esa «Vest Hem» payshanba oqshomida deyarli asosiy tarkib bilan Yevropa Ligasi doirasida Zagrebda o‘ynab keldi. Ya’ni londonliklar tiklanish uchun «Yunayted»ga nisbatan ikki kun kam vaqtga ega bo‘ldi. Odatda favorit klublarni qiynaydigan bu muammo bu safar «Vest Hem» boshida. Haftada ikki o‘yin rejimida maydonga tushish tajribasiga ega bo‘lmagan tarkibni Devid Moyes qanday tayyorlashi ham juda qiziq masala.

«Yunayted»ning ham o‘z vazifalari bor. Shveysariyadagi o‘yinni tezroq unutish, umuman chempionlik poygasida qolish uchun har o‘yinda, jumladan bunisidayam g‘alaba qozonishi shart. Edinson Kavani hali umumiy guruhga qo‘shilmadi, Sulsherning aytishicha, u keyingi hafta o‘yinlarida tayyor bo‘ladi. Skott Maktominey va Aleks Telles to‘liq tiklandi, ammo bu o‘yinda qay darajada tayyor ekanliklari ma’lum emas. Mezbonlar tarkibida Antoniodan tashqari, yetakchi himoyachilardan biri Uinston Rid ham o‘ynay olmaydi – unda jarohat bor.

Qizig‘i, xuddi shu raqiblar uch kun o‘tib Angliya Liga kubogida ham o‘zaro kuch sinashadilar. Bu safar o‘yin «Old Trafford»da va Maykl Antonio maydonga tusha oladi. 

APL. 5-tur. 19 sentyabr (yakshanba)

TOTTENHEM – CHELSI

O‘yin boshlanish vaqti: 20:30

TV-translyatsiya: FutbolTV/UzReportTV

London derbisi, shubhasiz, navbatdagi turda Premer-liganing eng markaziy uchrashuvi bo‘ladi. «Tottenhem» o‘tgan turda boshqa bir London derbisini boy berib, avvalgi g‘alabalarga biroz soya solgan va yakka peshqadamlikni boy bergan bo‘lsa-da, o‘sha o‘yin natijasiga Tanganganing chetlatilishi ta’sir qilganini bilamiz. Buning ustiga «Tottenhem» aynan peshqadamlarga qarshi juda samarali o‘yin va natija ko‘rsata olishini dastlabki turda «Manchester Siti» bilan o‘yinda ko‘rgandik. «Chelsi» hozirda Angliyaning eng barqaror klublaridan biri, ammo yaxshi tashkil etilgan himoyaga qarshi ilk golni urishdagi qiyinchiliklar davom etyapti. «Aston Villa» bilan birinchi taym, «Zenit»ga qarshi Chempionlar ligasi uchrashuvi buning yaqqol isbotidir.

Ammo tabiiyki, «Chelsi» safarda bo‘lsa ham g‘alaba uchun maydonga tushadi. Avvalgi mavsumdan farqli ravishda peshqadam jamoalar ancha barqaror ko‘rinishyapti, ya’ni bir nechta muvaffaqiyatsiz o‘yinlarni tuzatish, oradagi farqni yo‘qotish birmuncha qiyinroq bo‘ladi. Buning ustiga «Chelsi» keyingi turda «Manchester Siti» bilan o‘ynaydi. Uch ochko olish oson bo‘lmaydigan o‘sha o‘yin oldidan g‘alaba qozonish juda kerak.

O‘tgan yili «Tottenhem» maydonida o‘tgan uchrashuvda «Chelsi» 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi va bu Tuxel uchun «Chelsi» boshqaruvidagi ilk safar-g‘alabasi bo‘lgandi. Avgustda esa jamoalar mavsum oldidan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishdi va o‘yin 2:2 hisobida yakunlandi. Hakim Ziyoshning ikki goliga Lukas Moura va Bergveyn javob berishgandi.

Tarkib borasida mezbonlarda muammo ko‘proq. «Chelsi» faqat Pulishich xizmatidan foydalana olmaydi, «Tottenhem»da esa bunday futbolchilar 5 nafar. Ulardan faqat Erik Dayer sheriklariga yordam bera olmasligi aniq. Son, Moura, Bergveynlarning derbida maydonga tusha olishlari so‘roq ostida qolmoqda. Shuningdek, yuqorida eslangan qizil kartochka tufayli Jafet Tanganga diskvalifikatsiya qilingan.

A Seriya. 4-tur.

19 sentyabr (yakshanba)

YUVENTUS – MILAN

O‘yin boshlanish vaqti: 23:45

TV-translyatsiya: SportTV

«Yuventus» uch turdan so‘ng hali biror marta ham g‘alaba qozona olmagan va atigi 1 ochko bilan 16-o‘rinda boryapti. «Milan» esa yuz foizlik ko‘rsatkichga ega bo‘lib, «Roma» va «Napoli» bilan birgalikda turnirni boshqarib bormoqda. Bir qaraganda favorit aniqdek, muammolar girdobidagi «Yuventus» va barqaror «Milan»...

Ammo Chempionlar ligasi o‘yinlari «Yuventus»ning ham o‘ziga kelib borayotganini ko‘rsatdi. Avvalgi yo‘qotishlarda Allegrida ob’ektiv sabablar ham bo‘lib, asosiy tarkibning qariyb yarmidan ko‘pi maydonga tusha olmayotgandi. Asta-sekin Dibala ham, Bentankur ham, Sandro ham qaytdi va turinliklar YeCHLda 3:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. «Milan» «Enfild»da 2:3 hisobida yutqazgan bo‘lsa-da, yomon ko‘rinmadi, bu o‘yin ham milanliklarga kuchli raqiblarga qarshi o‘yin tajribasini bergani tabiiy.

Mezbonlardan Artur va De Shilo maydonga tusha olishmaydi. «Milan» safida esa Zlatan Ibrohimovich ikki haftaga safdan chiqqani haqida xabarlar bor. Shuningdek, Bakoyoko ham to‘liq tiklanib ulgurmagan.

O‘tgan mavsumda jamoalar Chempionlar Ligasi yo‘llanmalari uchun oxirgi turlargacha kurash olib borgandilar. Milandagi o‘yinda mehmonlar 3:1 hisobida ustun kelishgan bo‘lsa, ikkinchi davrada, may oyida «Milan» ortig‘i bilan qasos olgan – Dias, Rebich va Tomorilarning gollari bilan 3:0 hisobiga g‘alaba qozonib, «Yuventus»ni juda qiyin ahvolga solib qo‘ygandi. Ammo so‘nggi turda «Napoli»ning ochko yo‘qotishi natijasida turinliklar ham YeCHL yo‘llanmasidan quruq qolmadilar.

Chempionlar ligasi haqida gap ketganda, «Milan» o‘z o‘yinini bir kun keyin o‘tkazgani va «Liverpul»da ancha og‘ir to‘qnashuv bo‘lganini e’tiborga olsak, bir kun ko‘proq dam olish va osonroq raqibga ega bo‘lgan «Yuventus» jismoniy tomondan ustunroq bo‘lishini taxmin qilsa bo‘ladi.

Fransiya chempionati. 6-tur.

19 sentyabr (yakshanba)

PSJ – LION

O‘yin boshlanish vaqti: 23:45

TV-translyatsiya: MatchTV Futbol

Italiyada markaziy uchrashuv bo‘layotganda, Messini tomosha qilishni istaydiganlar ham topiladi. Ular uchun ayni vaqtda «PSJ»ning «Lion»ga qarshi bahsi qiziqarli bo‘lib turibdi.

«PSJ» Fransiya chempionatida barcha besh o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi, lekin raqiblar «Trua», «Strasbur», «Brest», «Reyms» va «Klermon» edi. Ya’ni Messi kelganidan buyon «PSJ» jiddiy raqibga ana endi duch keladi. Jiddiyroq qarshilik «PSJ» yulduzlarini qanchalik qiynab qo‘yishi mumkinligini esa Bryuggeda, Chempionlar ligasi bahsida ham ko‘rdik. Parijliklar ushbu o‘yinda 1:1 hisobida durangga rozi bo‘lishdi xolos.

«Lion» esa mavsumni yomon boshlagan bo‘lsa-da, o‘ziga kelib olgan va so‘nggi uch o‘yinda g‘alaba qozongan jamoa. O‘tgan yili Parijga ikki marta tashrif buyurib, darvozasini daxlsiz saqlay olgan. Avgustda Fransiya Liga kubogi finalida hisob ochilmagan va faqat penaltilar seriyasida mezbonlar ustun kelgan bo‘lishsa, dekabrda «sherlar» 1:0 hisobida g‘alaba qozonib ketgandi. Demak, uchinchi urinishda ham «Lion»dan kamida murosasiz qarshilikni kutishga haqqimiz bor.

Shuningdek, «PSJ» yarimhimoyachisi Ander Erreraga ham alohida e’tibor berish lozim. O‘zidan «Gundo‘g‘an»ni yoqib olgan ispaniyalik futbolchi tirik Mbappe, Messi va Neymar jamoasida to‘purar bo‘lib turibdi. U oxirgi 4 o‘yinda 4 bora raqiblar darvozasini aniq nishonga olishning uddasidan chiqdi.

La Liga. 5-tur.

19 sentyabr (yakshanba)

VALENSIYA – REAL

O‘yin boshlanish vaqti: 23:55

TV-translyatsiya: FutbolTV/UzReportTV

La Ligada uch jamoa 4 turdan keyin 10tadan ochko to‘plab, turnir jadvali peshqadamligini bo‘lishib turibdi. «Real» va «Atletiko»ni u yerda ko‘rish odatiy hol bo‘lsa, o‘tgan mavsumda aksariyat yetakchilarini sotishga majbur bo‘lib, yakunda 13-o‘rinni egallagan «Valensiya»ning ular bilan bir safda turishi qandaydir ijobiy hissiyotlar uyg‘otadi.

«Valensiya»ning o‘zi shundoq ham peshqadamlar bilan murosasiz kurashish an’anasiga ega ekanini ham qo‘shsak, bizni o‘ta shiddatli bahs kutib turganiga shubha qoldirmaydi. Zero o‘tgan mavsumda ham «Mestalya»da mezbonlar 4:1 hisobida g‘alaba qozonganini yaxshi eslasangiz kerak. Karlos Soler uch marotaba penaltini aniq amalga oshirib, noyob het-trik egasiga aylangandi.

Madrid klubi yakunda yozning eng katta transferini amalga oshira olmagan bo‘lsa-da, yaxshiyamki, bozor tugadi va jamoa mavhum holatdan chiqib oldi. Albatta, Karlo Anchelotti uchun har kim sotib yuborilishi va har kim kelishi mumkin bo‘lgan tarkib bilan ishlashdan ko‘ra, endi qulayroq – «Real» mana shu mavjud futbolchilar bilan kamida qishgacha boradi. Bundan tashqari, Kamavinganing jamoaga juda yaxshi kirishib ketgani ham e’tiborga molik: futbolchi debyut o‘yinda zaxiradan tushib, «Betis» darvozasini ishg‘ol qilgan bo‘lsa, Milandagi yagona golga assistentlik qildi. Ayniqsa, Kroosning yo‘qligida maydon markazida shunday futbolchining bo‘lishi «Real» o‘yinini ancha barqarorlashtiradi.

Nemis yarimhimoyachisidan tashqari, «Real» tarkibida Marselo, Mendi va har doimgidek Garet Beyl kabi futbolchilar Valensiyaga borishmaydi. Mezbonlar tarkibida esa Denis Cherishev yo‘q, u kelasi oyning boshlarida safga qaytishi mumkin.

BOSHQA O‘YINLAR:

18 sentyabr: BAVARIYA – Boxum (18:30), Byornli – ARSENAL (19:00), MANCHESTER SITI – Sauthempton (19:00), LIVERPUL – Kristal Pelas (19:00), INTER – Bolonya (21:00), Kyoln – LEYPSIG (21:30)

19 sentyabr: BORUSSIYA D – Union (20:30), Brayton – LESTER (18:00), Verona – ROMA (21:00), LASIO – Kalyari (21:00)

20 sentyabr: Udineze – NAPOLI (23:45), BARSELONA – Granada (23:55).

Teglar

O'xshash yangiliklar