O'zbek Ўзбекча
Shomurodov «Roma»ning peshqadamga aylanishiga yordam berdi, Yaxshiboyev YeCHL oldidan gol urdi, Rashidovda omadli debyut. Legionerlar hafta sarhisobi 
Dushanba, 13 Sentabr
17698

Yakunlangan hafta xorij chempionatlarida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik legionerlar uchun omadli o‘tdi. Yevrokuboklar va OCHL oldidan hamyurtlarimiz o‘z klublarida o‘zlarini ko‘rsata olishdi. Eldor Shomurodov «Roma»ning A Seriya peshqadami bo‘lib olishiga yordam bergan bo‘lsa, Jasur Yaxshiboyev Chempionlar ligasi 1-turi oldidan «Sherif» klubi safidagi debyutida o‘z nomiga gol yozdirib qo‘ydi. Xorijdagi legionning dam olish kunlaridagi natijasi bilan tanishing. 

Italiya: Shomurodovda assist, «Roma» A Seriyada 1-o‘ringa ko‘tarildi 

Italiya chempionati 3-turida «Roma» o‘z maydonida «Sassuolo»ni qabul qilib, qo‘shib berilgan daqiqalarda g‘alabani ilib ketdi.  

Birinchi bo‘limda Kristante hisobni ochdi, ikkinchi bo‘lim boshida Jurichich muvozanatni tikladi. 74-daqiqada Dzanolo o‘rniga zaxiradan maydonga tushgan Shomurodov 90+1-daqiqadada jarima maydoni ichida El-Shaaravini to‘p bilan ta’minladi, Stefan esa supergol urib, rimliklarga muhim 3 ochkoni keltirdi.  

Natijada, «Roma» ochkolarini 9taga yetkazib, to‘plar nisbatiga ko‘ra A Seriyada peshqadam bo‘lib oldi. Rimliklar navbatdagi o‘yinda payshanba kuni Yevropa Konferensiyalar ligasi 1-turi doirasida Bolgariyaning SSKA klubiga qarshi maydonga tushishadi.

Moldova: Yaxshiboyev debyutida gol va assistga mualliflik qildi 

Moldova milliy divizioni 9-turi doirasida «Sherif» o‘z maydonida «Petroklub» jamoasini qabul qilib, 2:0 hisobida zafar quchdi. 

Shu kuni Tiraspol klubi safida Jasur Yaxshiboyev o‘z debyutini o‘tkazdi. O‘zbekistonlik 24 yoshli hujumkor yarimhimoyachi zaxiradan maydonga tushib, 71-daqiqada golga assistentlik qilgan bo‘lsa, 77-daqiqada yangi klubidagi ilk golini kiritdi. 

«Sherif» navbatdagi o‘yinni Yevropa Chempionlar ligasi 1-turi doirasida o‘z maydonida «Shaxtyor»ga qarshi o‘tkazadi. Bahs chorshanba kuni soat 21:45da boshlanadi. 

Rossiya: Ibrohimxalil Yo‘ldoshev to‘p surgan o‘yinda klubi kambek uyushtirdi 

Rossiya Premer-ligasi 7-turi doirasida Ibrohimxalil Yo‘ldoshev to‘p surayotgan «Nijniy Novgord» klubi irodali g‘alabaga erishdi. 

Kerjakov shogirdlari Moskvaga safar uyushtirib, mag‘lubiyatga uchrayotganiga qaramay, kambek qayd etdi – 1:2. O‘zbekistonlik himoyachi shu kuni 73 daqiqa to‘p surdi. Debyutant jamoa 7-turdan keyin 11 ochko bilan turnir jadvalida 6-o‘ringa ko‘tarildi.

Oston O‘runov qaydnomada ham yo‘q

RPLdagi yana bir o‘zbekistonlik futbolchi Oston O‘runov bu safar «Ufa» klubining qaydnomasidan joy olmadi. Boshqirtiston klubi Sochiga safar uyushtirib, 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. «Ufa» 5 ochko bilan 13-o‘rinda bormoqda. 

Qozog‘iston: Igor Sergeyev va «Tobol» - peshqadam 

Qozog‘iston chempionatida to‘p surayotgan O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Igor Sergeyev ushbu turda jamoasi bilan zafar quchdi.

20-turda «Tobol» safida «Kaspiy» klubiga qarshi 46-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Igor Sergeyev va uning jamoasi 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, 20 o‘yindan keyin 45 ochko bilan turnir jadvali peshqadamiga aylanib oldi. 

Belarus: Umarov va Abduxoliqov zaxiradan maydonga tushdi 

Belarus Oliy Ligasi 22-turi doirasida o‘zbekistonlik futbolchilar jamoalari safida maydonga tushishdi. 

BATE safarda «Smorgon» klubini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu bahsda borisovliklar safida Shahboz Umarov 70-daqiqada maydonga tushdi. 

«Energetik» esa o‘z maydonida Minskning «Dinamo» klubiga yutqazib qo‘ydi. Shu kuni mezbonlar safida Mamadu Diallo o‘rniga 32-daqiqada maydonga tushgan Bobur Abduxoliqov bu safar ham jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qololmadi – 0:1. 

Umarov to‘p surayotgan BATE 48 ochko bilan Belarus Oliy ligasida 1-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, Bobur Abduxoliqov va Shahzodbek Ubaydullayev to‘p surayotgan «Energetik-BGU» 24 ochko bilan 12-o‘rindan joy olgan. 

Janubiy Koreya: Iskanderov zaxiradan maydonga tushdi, Ashurmatov yo‘q 

Janubiy Koreya K-ligasida 29-tur yakunlandi. Hamyurtimiz Jamshid Iskanderov to‘p tepayotgan «Syonnam» o‘z maydonida «Seul»ni qabul qildi.

1:1 hisobida yakunlangan uchrashuvning 66-daqiqasida O‘zbekiston milliy jamoasi a’zosi zaxiradan maydonga tushdi.  

Yana bir bahs «Suvon» va «Kanvon» o‘rtasida o‘tib, unda mezbonlar 1:0 hisobida zafar quchishdi. Shu kuni mehmonlar safida Rustam Ashurmatov qaydnomaga kiritilgan bo‘lsa-da, o‘yinga tushirilmadi. «Syonnam» turnir jadvalida 28 o‘yindan keyin 28 ochko bilan 10-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, «Kanvon» 25 o‘yindan keyin 27 ochko bilan 12 klub orasida 11-o‘rinni egallab turibdi.

Kuvayt: Sardor Rashidovning debyuti omadli chiqdi 

Yozda «Kuvayt SK» klubi a’zosiga aylangan Sardor Rashidov dam olish kuni yangi jamoasidagi debyutini o‘tkazdi. 

Kuvayt Amir kubogi nimchorakfinali doirasida «Kuvayt SK» «As-Saxel» klubiga qarshi saf tortib, 1:0 hisobida zafar quchdi va 1/4 finalga yo‘llanma oldi. 

Shu kuni mezbonlar safida asosiy tarkibda maydonga tushgan Sardor Rashidov 80-daqiqagacha to‘p surdi.  

OFK Kubogi g‘olibligi uchun kurash olib borayotgan «Kuvayt SK» 21 sentyabr kuni yarimfinal doirasida Iordaniyaning «As-Salt» jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

BAA: Shukurovda 90 daqiqa, «Sharja»dan kambek. Navbat OCHL o‘yiniga 

BAA Pro ligasi 3-turi doirasida o‘zbekistonlik yarimhimoyachi Otabek Shukurov to‘p surayotgan «Sharja» jamoasi «Al Vasl» ustidan qiyin g‘alabaga erishdi. O‘yin davomida 1:2 hisobida yutqazayotgan sharjaliklar kamchilikda bo‘lishlariga qaramay, o‘yin oxiriga qadar hisobni 3:2ga o‘zgartirishdi. Shu kuni Shukurov 90 daqiqa to‘p surib, jamoasining faol o‘yinchilaridan biri bo‘ldi. Klub 3 turda 9 ochko jamg‘arib 2-o‘rinda bormoqda. 

Otabek Shukurov va «Sharja» chorshanba kuni OCHL nimchorakfinali doirasida «Al Vahda»ga qarshi maydonga tushadi.

Ushbu turnirdagi yana bir vakilimiz Jaloliddin Masharipov to‘p surayotgan Saudiya Arabistonining «An-Nassr» klubi esa seshanba kuni Qatarda Eronning «Traktorsozi» jamoasiga qarshi maydonga tushadi. 

Usmon Ibodov tayyorladi.

Teglar

O'xshash yangiliklar