O'zbek Ўзбекча
Ronalduning Ginnesga kirishi, Italiyaning mutlaq rekordi, Janubiy Amerikadagi mojaro. FIFA kunlarining eng muhim 10 voqeasi
Payshanba, 09 Sentabr
8970

Barcha qit’alarda milliy jamoalar 2022 yilgi Qatar maydonlarida o‘tadigan jahon chempionati saralash bellashuvlarini o‘tkazmoqdalar. Sentyabr oyining dastlabki o‘n kunligida o‘tgan milliy jamoalar o‘rtasidagi bahslardan keyin Tribuna.uz saralashdagi 10 voqeani saraladi.

1.   Ronaldu - milliy jamoalar tarixidagi eng zo‘r to‘purar

Yevropa Chempionlar ligasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar, «Real» tarixidagi eng yaxshi to‘purar, Yevropa chempionatlarining eng yaxshi to‘purari, milliy jamoa safida eng ko‘p gol urgan futbolchi… Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.

Irlandiyaga qarshi bahsdagi dubl orqali portugaliyalik yulduz Ali Dayining uzoq yillik rekordini yangiladi. Ushbu natijasi Ginnes rekordlari kitobiga kiritildi va bu haftaning eng katta voqealaridan biriga aylandi.

2.   Yengilmas Italiya

Italyanlar mag‘lubiyatsiz seriya bo‘yicha rekordni yangilash barobarida Yevropa chempionatini ham yutishga erishdi. Shveysariyaga qarshi uchrashuvdagi 0:0 hisobi orqali rekord rasman yangilandi. 1993-1996 yillar mobaynida Braziliya, 2007-2009 yillar mobaynida Ispaniya 35tadan uchrashuvda mag‘lubiyatsiz o‘ynab, rekordni bo‘lishib turishgandi.

Shveysarlarga qarshi bellashuvda Manchini va Italiya muxlislarini xursand qilgan yagona jihat tarixiy rekordning yangilangani bo‘lsa kerak. Jorjinoning penaltidan foydalana olmagani va hujumdagi samaradorlikning nihoyatda pastligi «Skuadro Adzurra» ishqibozlarini xavotirga qo‘ygani aniq.

Bolgariyaga qarshi o‘yindagi durang (1:1) orqali Roberto Manchini Italiya milliy jamoasi murabbiylari orasida eng ko‘p uy uchrashuvlarida mag‘lubiyatsiz seriya (18ta) qayd etgan mutaxassisga aylandi. Bundan avvalgi rekord Marchelo Lippiga tegishli edi (17ta).

3.   Braziliya - Argentina bahsidagi mojaro

Jahon chempionati saralashining Janubiy Amerika mintaqasidagi bosqichi 6-turi doirasidagi Braziliya - Argentina bahsida mojaro yuzaga keldi. Gap shundaki, Braziliyadagi karantin talablariga ko‘ra Britaniyadan kelganlar 14 kun karantinda bo‘lishi kerak edi, ammo 4 nafar APLda o‘ynovchi argentinaliklar (Martines, Romero, Lo Chelso va Buendia) maydonga tushgan.

Shu sabab Braziliya politsiyasi o‘yin vaqtida stadionga tushib kelib, 4 nafar argentinalik futbolchini maydondan olib chiqib ketishga urindi. Oqibatda Argentina milliy jamoasining boshqa futbolchilari ham maydonni tark etdi. Shu tariqa o‘yin qoldirildi.

Bu voqea yuzasidan FIFA bayonot bilan chiqdi. «O‘yin hisobotlari to‘liq o‘rganib chiqilgach, FIFA Braziliya – Argentina uchrashuvi bo‘yicha ikki mamlakat assotsiatsiyasiga nisbatan intizomiy ish ochilganini ma’lum qiladi. Ikki tomon taqdim etgan ma’lumotlar FIFA intizom qo‘mitasi tomonidan to‘liq o‘rganib chiqilib, tegishli choralar ko‘riladi», deyilgan tashkilot bayonotida.

4.   Van Gal o‘z joyida

«Agar Niderlandiya futbol assotsiatsiyasida ishlaganimda, men ham Lui van Galni milliy jamoaga bosh murabbiy qilib tayinlagan bo‘lardim», - deb aytdi «olovranglilar» murabbiylik postiga 3-marotaba o‘tirgan tajribali mutaxassis.

U allaqachon milliy jamoasi bilan g‘alabalar qozonishga ham erishdi. Bugungi kunda Norvegiya Yevropaning kuchli jamoalari qatoriga kirib kelmoqda. Van Gal qaytish uchrashuvida Norvegiya bilan durang o‘ynadi. Lekin undan keyingi Chernogoriya (4:0) va Turkiyaga qarshi bahslarni (6:1) o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

5.   Beyldan muhim het-trik

Garet Beyl «Real»ga Karlo Anchelottining kelishi barobarida futbolga bo‘lgan qarashlarini yana o‘zgartirib borayotganga o‘xshaydi. Uels bilan Belarusga qarshi bahsga kirishgan 32 yoshli futbolchi milliy jamoasi safida rasmiy uchrashuvlardagi ilk het-trikni amalga oshirdi. Bungacha 2018 yilda Xitoy bilan o‘rtoqlik bahsida bir o‘yinda 3ta gol urishga erishgan futbolchi bu gal rasmiy o‘yinda o‘z nomini 3 bor tabloga yozdirib qo‘ydi. Ko‘ramiz, mavsum davomida ham barqaror o‘yin ko‘rsatib, o‘zining yuqori sport formasiga chiqa oladimi?!

6.   Soler e’tibor markazida

«Valensiya» bilan La Liga mavsumini yaxshi boshlagan Karlos Soler Ispaniya milliy jamoasi safidagi debyutini ajoyib o‘yin bilan o‘tkaza oldi. Shvetsiyaga qarshi bellashuvda u 4-daqiqadayoq gol kiritishga erishdi, biroq «qizil furiya» yakunda mag‘lubiyatga uchradi. Gruziyaga qarshi kelgusi uchrashuvda (4:0) yana bir gol urib, jamoasi g‘alabasiga hissa qo‘sha oldi.

7.   Chilining g‘alabasiz seriyasi

Aslini olganda, Chilining Jahon chempionati saralashi doirasidagi Ekvadorga qarshi uchrashuvini ijobiy baholash ham mumkin. Sababi, ular bu o‘yingacha ketma-ket 3ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchragandi. Lekin noxush an’ana davom etayotgani bor gap: Chili 5ta o‘yindan beri g‘alaba qozona olmayapti. So‘nggi 6ta uchrashuvda chililiklar bittagina gol urishga erishdi. KONMEBOL grandlari avlodlar almashinuvini ancha og‘ir o‘tkazmoqdalar.

8.   Daniya mo‘’jizasi

Jahon chempionati saralashining eng yorqin jamoasi Daniya bo‘lib turibdi. Skandinaviyaliklar hozirgacha o‘tkazilgan 6ta uchrashuvda 22ta gol urib, biror marta darvozalaridan to‘p olib chiqishmadi. Eng yaqin ta’qibchi bilan oradagi farq 7taga yetdi. Ha, guruh ancha qulay raqiblardan tashkil topgan. Biroq Shotlandiya va Avstriyaning Xyulmann shogirdlariga umuman qarshilik ko‘rsata olmayotgani hayratlanarli holat. Ikkinchi davra uchrashuvlari boshlanib ulgurdi. Ko‘ramiz, saralash bahslari yakuniga qadar ham daniyaliklar mag‘lubiyatsiz seriyasi va «quruq seriya»sini davom ettira olarmikan.

9.   Keyn Ouenga yetib oldi

Andorraga qarshi bellashuvda penaltini aniq amalga oshirgan Harri Keyn Angliya milliy jamoasi tarixidagi to‘purarlar ro‘yxatida 5-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Hozirda uning hisobida Maykl Ouen bilan bir xil miqdorda (40ta) gol mavjud. Hozirda 28 yoshli futbolchi «uch sherlar»ning mutlaq to‘purari Ueyn Runidan 13ta golga ortda qolmoqda. Katta ehtimol bilan «Tottenhem» sardori bu rekordni yangilashga erisha oladi.

10. Goleador Holand

Erling Holand Norvegiya milliy jamoasi safida JCH-2022 saralashidan o‘rin olgan Gibraltarga (5:1) qarshi bahsda het-trikka erishdi. Shu tariqa, «Borussiya Dortmund» futbolchisining faoliyati davomidagi het-triklari soni 11taga yetdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Erling Ueyn Runi (10ta), Samuel Eto'O (9ta) va Fernando Torresni (8ta) ortda qoldirdi.

Ta’kidlash joizki, Holand bu natijaga 21 yoshligida erishmoqda. Futbol tarixida het-triklar soni bo‘yicha eng katta ko‘rsatkichga ega futbolchilar Krishtianu Ronaldu (57ta) va Leo Messi (53ta) hisoblanadi.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi. 

Teglar

O'xshash yangiliklar