O'zbek Ўзбекча
#Tokio2020. Germaniya jonlandi, Amerika suzishda, Rossiya gimnastikada porlamoqda, O‘rta Osiyoda yana bir davlat medalli bo‘ldi
Chorshanba, 28 Iyul
10901
Фото: AP

Tokio olimpiadasi tobora qiziqarli bo‘lib bormoqda. 27 iyul yakunlariga ko‘ra hozircha 56 davlat medalli bo‘ldi. Oltin medal olgan davlatlar soni 30 taga yetdi. Ular orasida 71 ming kishi odam yashaydigan Bermuda ham bor. Bu davlat atleti triatlon bahslarida chempion bo‘lgan.

O‘tgan kunlarda atletlari kutilmaganda oqsagan Germaniya bir kunda ikkita oltin medal oldi. Kanoe va ot sportida nemislar chempion bo‘lib, natijada umumjaoa hisobida o‘ninchi o‘ringa ko‘tarilishdi.

Ruslar suzishda amerikalik jahon rekordchisini ortda qoldirishdi

Bugungi kunda rossiyalik atletlar ham muvaffaqiyatli qatnashib, oltita medalni qo‘lga kiritishdi. Kun boshidagi suzish bahslari ruslar uchun ayniqsa muvaffaqiyatli o‘tdi. Saralashda juda yaxshi qatnashgan Yevgeniy Rilov hamda Kliment Kolesnikov mos ravishda oltin va kushum olishdi. Tokioda chempion bo‘lgan 25 yoshli Rilov ancha tajribali atlet va u Rioda ham chalqancha usulda suzishda uchinchi bo‘lgan. Kolesnikov esa 2000 yilda tug‘ilgan. Eng asosiysi ikki rus yigit 100 metrga chalqancha uslubda suzishda ushbu yo‘nalishdagi jahon va olimpiada rekordchisi amerikalik Rayan Myorfini ortda qoldirishdi. Uch karra olimpiada chempioni bo‘lgan Myorfi bronza bilan kifoyalandi.

Rossiyalik taekvondochi yigitlar 27 iyulda ham yana bir oltin yutishdi. Bu gal 80 kg vazn toifasida Vladislav Larin olimpiada chempioni bo‘ldi. Qizig‘i, Tokio olimpiadasiga qadar rossiyalik taekvondochilar biror marta olimpiadada g‘olib bo‘lishmagan. Yaponiyada esa birdaniga ikkita oltin olishdi. Bir kun oldin Maksim Xramsov ham chempion bo‘lgandi. Ruslarga yana bir oltinni sport gimnastikasi bo‘yicha ayollar jamoasi keltirdi. Xuddi erkaklar bahslarida bo‘lgani kabi ayollarda ham ruslarga teng keladigan topilmadi.

Foto: AFP

Rossiya gimnastikada qimmatli melallarni qo‘lga kiritayotgan bo‘lsa, amerikalik sportchilarga suzish bahslari omadli kelmoqda. AQSH jamoasi suzishdan naq 12 ta medal oldi: 3 ta oltin, 3 ta kumush, 6 ta bronza. Umumiy hisobda amerikaliklar 25 ta medal qo‘lga kiritishdi. Bu borada ular katta farq bilan oldinlab ketishgan. Yaponiyada esa medallar sifati yaxshiroq. Ular 10 ta oltin evaziga birinchi o‘rinda borishmoqda. Albatta, mezbonlar yetakchiligiga ularning ko‘pchilik shug‘ullanmaydigan va olimpiada uchun yangi sport turlari bo‘lgan softbol, skeytboarddagi oltinlar ham sabab bo‘lmoqda. Biroq yaponlar dzyudo, stol tennisida ham yaxshi natijalar ko‘rsatishyapti.

27 iyul holatiga ko‘ra medallar soni bo‘yicha Xitoy ikkinchi bo‘lib turibdi (21 ta). Chinliklar bu kunda uchta oltin olishdi. Kutilganidek suvga sakrashda bitta, o‘q otishda ikkita chempionlik qayd etildi. Bugunga kelib O‘rta Osiyoning yana bir mamlakati olimpiada medalini qo‘lga kiritdi. Turkmanistonlik Polina Gureva tosh ko‘tarishda kumush oldi. Shu tariqa mintaqada medal olgan mamlakatlar soni uchtaga yetdi. O‘zbekiston bitta oltin bilan o‘ziga xos poygada birinchi, Turkmaniston ikkinchi, Qozog‘iston esa uchta bronza bilan uchinchi o‘rinda.

Bugungi kunning eng qiziqarli bahslaridan biri ayollar o‘rtasidagi dzyudo musobaqasida bo‘ldi. 63 kg vazn toifasidagi bahslar finalida xuddi Rio olimpiadasi finalida bo‘lgani kabi fransiyalik Klarisia Agbegnenu va sloveniyalik Tina Trtenjak to‘qnash kelishdi. Rioda sloveniyalik sportchi ustun kelgandi, Tokioda esa fransiyalik Klarisia revansh oldi. Bunday olimpik revanshlar esa doim ham kuzatilavermaydi. 5 karra jahon chempioni Klarisia nihoyat olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritdi.

O'xshash yangiliklar