G‘oliblik «retsepti»: Olimpiada chempioni bo‘lgan birinchi o‘zbek – Muhammadqodir Abdullayev bilan suhbat
Juma, 23 Iyul
2161

Tokioda yozgi olimpiada o‘yinlari boshlandi. To‘rt yillikning eng nufuzli sport musobaqasida o‘zbekistonlik sportchilar ham chempionlik uchun kurash olib borishadi. Xo‘sh, olimpiadada g‘olib bo‘lish nima o‘zi? Bunga qanday erishish mumkin? Bu narsani o‘z tanasida his qilgan, yozgi olimpiadada g‘olib bo‘lgan birinchi o‘zbekistonlik Muhammadqodir Abdullayev bilan suhbat uyushtirishga qaror qildik.

Sidney-2000 olimpiya o‘yinlari g‘olibi Muhammadqodir Abdullayev bilan suhbatimiz chempion boks sirlarini o‘rgangan Andijon shahridagi boks zalida bo‘lib o‘tdi. U Sidney olimpiadasida g‘olib chiqish yo‘lidagi mashaqqatlar haqida gapirib berish bilan birga Tokioga yo‘l olgan bokschilarimiz uchun dalda bo‘ladigan tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.

– Olimpiada o‘yinlari haqida gapirganda odatda mahalliy iqlimga, vaqtga moslashish haqida gapirishadi. Bu qanchalik muhim va iqlimga moslashish qancha vaqt talab qiladi?

– Boshqa yurtga moslashib olishga bir hafta yoki o‘n kun yetadi. Aslida, sportchiga ob-havo ta’sir qilmasligi kerak. Ob-havodan yoki boshqa narsadan bahona topsa, sportchi bo‘lishning hojati yo‘q. Biz Avstraliyaga 10 kun oldin yetib borib, o‘sha yerda 3-4 kun mobaynida sparring janglar o‘tkazganmiz. Hozirgi sportchilarda oldingidan ko‘ra imkoniyatlar katta. Aytaylik, oldinlari biz chet elliklardan qo‘rqib ringga chiqqan bo‘lsak, butun dunyo endi bizdan qo‘rqib jangga tushyapti. O‘ylaymanki, shuning o‘zi katta g‘alaba.

– Hal qiluvchi janglar yoki chiqish oldidan sovuqqon bo‘lish muhimmi yoki maksimal motivatsiyaga ega bo‘lishmi?

– Hammaga har xil: kimgadir sovuqqon bo‘lish yoqadi, kimdir ringga chiqishdan oldin birovga gapirmaydi, o‘zi bilan o‘zi gaplashib, kimdir kulishib ringga chiqadi. Musobaqaga yoshligidan birga bo‘lgan o‘z murabbiyi bilan birga borsa, juda yaxshi bo‘ladi. Masalan, ustozim Mars Qo‘chqorov xatolarim, nima qilishimni, ringdan oldingi va jangga chiqishdagi holatimni yaxshi bilardi. Sharoitga qarab ba’zida do‘q qilishi mumkin. Asosan, siqilmasdan, chiroyli holatda tushuntirardi. Yutqazayotsam, zo‘r tushyapsan, ozgina harakat qilib qo‘y, deb dalda berardi. Hozirgi kunda federatsiya hamma bokschilarni o‘z murabbiyi bilan birga olib boryapti, bu ham yoshlarga katta motivatsiya bo‘ladi. Murabbiyning gapiga kirib, chizgan chizig‘idan chiqmasa, albatta, yaxshi natijaga erishadi.

– Olimpiada vaqtida ovqatlanish qanday bo‘ladi? O‘zbek sportchilari uchun ko‘p miqdorda qazi, har xil go‘shtlar olib ketishadi. O‘yinlar vaqtida yaxshi yeyish kerakmi?

– Go‘sht olib ketish og‘ir atletikachilarda bo‘lishi mumkin. Ular kuchli ovqat yeyishlari kerak. Bokschilar, kurashchilar esa vazn tashlashimiz kerak. Shu bois asosan yengil ovqat – suyuq taom, salat iste’mol qilinadi. Shtangachilar esa ko‘proq va kuchli ovqat yeyishadi. Kuchli ovqatni har yerda ham topa olmaysiz, shu uchun O‘zbekistondan olib boriladi va sanoqli sportchilarga majburiy qo‘shimcha qilib beriladi. Bizga o‘xshagan sportchilarga esa yengil taomlar yetarli. 20 kunlab vaznni ushlab turishimiz kerak. Shuning uchun bizga ortiqcha taom kerak emas.

– Ortga qaytib, sizga olimpiada medallari taqilgan damlarni eslasak. Aynan o‘sha lahzada nimani o‘ylaganingiz yodingizdami?

– Shohsupada oltin medalni taqqaningizda baribir ishonmaysiz. Chunki kuchli hayajon bosadi. Xayolda faqat tezroq O‘zbekistonga borish, odamlar bilan ko‘rishish, tezroq shu medalni ko‘rsatay, degan xayol bo‘ladi. Men chempionlik bilan bo‘ynimga katta mas’uliyat taqilishini boshida bilmasdim. Olimpiada chempioni bo‘lganimdan keyin bildim – ko‘chada yurish, odamlar bilan muomala, hammasi o‘zgarar ekan. Endi odamlar olimpiada chempioniga boshqacha ko‘z bilan qarashadi, shunga siz ham labbay deb javob berishingiz kerak ekan. Qayerga borsangiz, kattalar peshonangizdan o‘padi, bundan ortiq baxt yo‘q aslida. 2000 yilda chempion bo‘lgan bo‘lsam, hozir maktablarda juda ko‘p Muhammadqodirlar bor, bu men uchun sharaf. Shu sabab yoshligim qaytib kelsa, qo‘rqmasdan yana boksni tanlagan bo‘lardim.

– Tokioga yo‘l olgan sportchilarga nima degan bo‘lardingiz?

– Bilasizmi, bir oy Avstraliyada bo‘ldik va biror marta ko‘chaga chiqib, aylangan emasman. Sababi ishim faqat boks, mashg‘ulot va ring bo‘lgan. Hozirda Tokioga borgan sportchilarga ham vatan, zal, mashg‘ulot va ringdan boshqa narsani o‘ylamasliklari kerakligini aytmoqchiman. Bundan chalg‘imaslik kerak.

Sindeyda yarimfinalga chiqqanimizdan keyin motivatsiya uchun bokschilarni akvaparkka olib bormoqchi bo‘lishdi. Shunda murabbiyga «Men bormayman, dam olay, ertaga kuch bo‘ladi», dedim. Zalda shug‘ullandim, mashg‘ulotlar qilib vaznimni ushlab turdim va shunday natijaga erishdim. Hammani xursand qilaman, degan sportchi kuch olishi kerak. Vatanim uchun, xalqim uchun, ota-onam uchun, yashayotgan shahrim uchun degan maqsad bilan ringga chiqish kerak. Shunda, albatta, yuqori natijaga erishadi. Xudo xohlasa, barcha sportchilarimiz, bokschilarimiz tayyor. O‘ylaymanki, ular uy yoki mashina uchun emas, vatan uchun ringga chiqadi. Bizning bokschilarimiz birovdan qo‘rqmasligi kerak, boshqalar bizdan qo‘rqsin.

Elmurod Ermatov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov.

Teglar

O'xshash yangiliklar