O'zbek Ўзбекча
Yevrokuboklardagi legionerlar: Sergeyev debyutini Xorvatiyada o‘tkazdi, Umarovda g‘alaba, Yaxshiboyev bu safar ham o‘ynamadi
Juma, 23 Iyul
4547

Haftaning seshanba, chorshanba va payshanba kunlari Yevropada YeCHL va Konferensiyalar ligasi saralash bosqich o‘yinlari o‘tkazildi. Unda o‘zbekistonlik legionerlarning ham ishtiroki kuzatildi.

Shahboz Umarov
Belarusning BATE klubi safida UEFA Konferensiyalar ligasi saralash bosqichida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik Shahboz Umarov payshanba kungi o‘yinda ham asosiy tarkibda o‘ynadi.

Gruziyada «Dinamo» klubiga qarshi saf tortgan BATE Batumidan g‘alaba bilan qaytdi. Nexaychikning yagona goli mehmonlarga Belarusdagi javob o‘yini oldidan yaxshi imkoniyat hosil qildi. G‘alabali o‘yinda Umarov 90 daqiqa harakat qildi.

Konferensiyalar ligasi. 2-saralash bosqichi
Dinamo Batumi (Gruziya) – BATE (Belarus) 0:1 

Igor Sergeyev
Hafta avvalida Qozog‘istondagi klubini «Aqto‘be»dan «Tobol»ga o‘zgartirgan o‘zbekistonlik forvard yangi klubi safidagi ilk haftadayoq yevrokuboklarda debyutini o‘tkazdi. 

Kustanay klubi bilan Xorvatiyaga safar qilgan Igor Sergeyev Konferensiyalar ligasi 2-saralash bosqichi doirasida «Hayduk» jamoasiga qarshi saf tortdi. Split shahridagi bahsdan mehmonlar 0:2 hisobidagi mag‘lubiyat bilan qaytishdi. O‘zbekistonlik hujumchi yangi jamoasidagi debyutida 57-daqiqada Nemanya Nikolich o‘rniga maydonga tushdi. Ammo jamoasiga yordam bera olmadi. To‘g‘ri, 73-daqiqadagi qarshi hujumda «MYU» sobiq a’zosi Zoran Toshichning oshirmasidan keyin Sergeyev gol urdi, ammo qanot hakami vaziyatni ofsayd deya baholadi.

Shunga qaramay, «Tobol»da hali imkoniyat bor – Qozog‘iston chempionati peshqadami 29 iyul kuni o‘z maydonida «Hayduk»ga qarshi javob uchrashuvini o‘tkazadi.

Konferensiyalar ligasi. 2-saralash bosqichi
Hayduk (Xorvatiya) – Tobol (Qozog‘iston) 2:0 

Jasur Yaxshiboyev
Jasur Yaxshiboyev faoliyat olib borayotgan Polshaning «Legiya» klubi Chempionlar ligasi 2-saralash bosqichi birinchi o‘yini doirasi Estoniyaning «Flora» klubini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Avvalgi bahslarda bo‘lgani kabi bu safar ham Jasur Yaxshiboyev jamoa qaydnomasidan o‘rin olmadi. 

YeCHL. 2-saralash bosqichi.
Legiya (Polsha) – Flora (Estoniya) – 2:1.

Teglar

O'xshash yangiliklar