O'zbek Ўзбекча
Parijga yulduzlar desanti tashlandi: «PSJ» YeCHLning asosiy favoriti bo‘ladi
Seshanba, 06 Iyul
18325

Parij superklubi o‘z ambitsiyalarini namoyish etib, yozgi transferlardagi eng faol ishtirokchi bo‘lmoqda.

Pochettino qoladi
29 may kuni oqshomida Parijda nimalar bo‘lgani aniq emas, ammo mantiqan o‘ylab ko‘rilsa, «PSJ» bosslaridan biri bir yil muqaddam fransuz superklubini tarixda ilk marta Chempionlar ligasi finaliga olib chiqqan Tomas Tuxel endi «Chelsi» formasida «quloqli» kubokni boshi uzra ko‘tarayotganiga alam bilan boqqan. Bu chempionlikni «Lill»ga boy berib qo‘ygan va ikkinchi darajali kuboklarnigina o‘ziniki qilgan Parij xo‘jayinlari uchun ikkinchi zarba edi.

Murabbiylik faoliyatida shu vaqtgacha sovrinsiz bo‘lgan Maurisio Pochettino esa Fransiya kubogi va Superkubokni ham natija sifatida qabul qildi. «PSJ» uchun bu — tubga cho‘kish hisoblanardi, ko‘p o‘tmay fransuzlar poytaxtida argentinalik mutaxassis o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olmagani uchun almashtirilishi haqida mish-mishlar bolaladi. Ammo, ayrim insayderlik ma’lumotlaridan boshqa xabarlar bo‘lmadi, klub esa barcha mish-mishlarni rad etib chiqdi. O‘z navbatida, «Tottenhem» va «Real»dan takliflari bor bo‘lgan murabbiyning o‘zi ketishni istayotgani haqidagi versiya ham tasdiqlanmadi.

«Pochettino haqidagi mish-mishlardan zerikib ketdik. Uning yana ikki yillik shartnomasi bor va biz uning ishidan qoniqish hosil qilmoqdamiz», — deya ishonch bildiradi sport direktori Leonardo. Ammo uning bu so‘zlari fransuz nashrlarini tinchlantira olmaydi. Ba’zi manbalar murabbiy klub menejmenti faoliyatidan noroziligiga urg‘u bersa, boshqalari Pochettino o‘ziga bildirilgan ishonchdan minnatdorligi va shu tufayli ham tomonlar hamkorlikni davom ettirishini aytishdi.

Faxriy futbolchilar tajribasi va yosh yulduzlarning chanqoqligi
Mish-mishlarga faqat «PSJ» prezidenti Nosir Al-Helayfining intervyusi nuqta qo‘ydi, u bosh murabbiy bilan ikki suhbati haqida gapirib berdi. Bu suhbatlarning har biri bir necha soatdan davom etgan va Pochettino klubda naqadar berilib ishlayotgani haqida xulosa hosil qilingan. Murabbiy Jorjino Vaynaldumning transferida muhim rolni o‘ynagan, u niderlandiyalik futbolchini Parij varianti «Barselona»ga o‘tishdan ko‘ra yaxshiroq ekaniga ishontirgan. Albatta, tabiiyki «PSJ»ning moliyaviy imkoniyatlari ham hal qiluvchi bo‘lgan, Veynaldum yozgi transferlarda birinchilardan bo‘lib juda yog‘li shartnomani qo‘lga kiritdi.

O‘sha intervyuda Al-Helayfi koronavirus inqirozi barchaga ta’sir ko‘rsatgani, shu tufayli ko‘p vaqt davomida katta xaridlar bo‘lmaganini aytib o‘tgan. Fransiya grandi qishda hech kimni sotib olmagan, o‘tgan mavsum arafasida esa ijara asosida o‘ynab kelgan Mauro Ikardining transfer huquqini sotib olib, Alessandro Florensi, Moyze Kin va Danilu Pereyruni ijaraga olgandi.

Hozir esa hammasi boshqacha, «PSJ» qanday ambitsiyalarga egaligi bir necha oy oldin, Serxio Ramos «Real» bilan yangi shartnoma tuzish uchun o‘z shartlarini qo‘ya boshlaganida ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda ispaniyalik futbolchi qaymoqranglilar prezidenti Florentino Peresga Parijdagilar unga u Lionel Messi bilan birga o‘ynashi mumkin bo‘lgan top-klub qurilishini va’da qilishgani haqida aytgandi. Argentinalik yulduz «Barselona»ga sadoqat bildirib klubda qolmoqda, Ramos esa Fransiya poytaxtiga yo‘l olmoqda.

Bu yerda u o‘zi istaganidek ikki yillik shartnomaga ega bo‘ladi, shuningdek, o‘z ambitsiyalarini amalga oshirib, faoliyati yakunida Chempionlar ligasida yana bir bor g‘oliblikni nishonlashi mumkin. U boshqa variantlarni shunchaki ko‘rib chiqmadi, chunki Veynaldum va Ramosdan tashqari «PSJ»ga yana ikki yulduz olib kelinmoqda: «Inter» bilan ajoyib chempionlik mavsumi o‘tkazgan Ashraf Hakimi va jahon futbolidagi eng kuchli darvozabonlardan biri Janluiji Donnarumma.

Agar klub yuqorida keltirilgan to‘rtlik transferi bilan kifoyalansa va Pol Pogba bilan dastlabki kelishuvga erishib qo‘yilgani haqidagi mish-mishlardan hech narsa chiqmasa ham, ko‘rinib turibdiki, bu Chempionlar ligasini yutishga qodir bo‘lgan tarkibdir. Bir tomondan — Veynaldum va Ramos «quloqli» kubokni qanday xarizma bilan qo‘lga kiritish mumkinligini bilishadi. Ikkinchi tomonda — katta g‘alabalarga chanqoq bo‘lgan 22 yoshli Donnarumma va Hakimi. Qolaversa, «PSJ» Neymar bilan yana ko‘p yillik shartnoma tuzib, uni tarkibda olib qoldi.

Mbappe va oltin qafas
Hozirda parijliklarning birinchi raqamli posboni hisoblanadigan Keylor Navas, shartnomani uzaytirgan Yulian Draksler va Fransiya termasi himoyachisi, Tiagu Silva ketganidan keyin o‘zini yetakchi his qila boshlagan Presnel Kimpebme bu transferlarga qanday munosabatda bo‘lishi hozircha qorong‘i. Ko‘p vaqt jarohatini davolagan Ramosning holati bo‘yicha savollar bor. Ammo bular top-klublarning kundalik muammolari va yechimsiz emas.

Ammo quyoshda ham dog‘ bo‘lgani kabi jiddiy muammo bor — Kilian Mbappening kelajagi masalasi. Yevro-2020 starti arafasida Al-Helayfi klubning qat’iy pozitsiyasini ma’lum qilgandi: «Biz uni hech qachon sotmaymiz va hech qachon erkin agent sifatida ketmaydi. Parij uning vatani. Uning missiyasi nafaqat futbolchi bo‘lish, balki Fransiya chempionati, o‘z mamlakati va poytaxt sharafini himoya qilish».

Amalda bu bayonot Mbappe oltin qafasga qamalishi haqida va buni forvardning o‘zi Nikolya Anelkaning gaplarisiz ham tushunadi. «Qaror qilish kerak. Agar «Oltin to‘p» olishni istasang, bunga intilish kerak, Ronaldu va Messi bilan tenglashish uchun eng yaxshilar bilan raqobatlashishga to‘g‘ri keladi. Meni to‘g‘ri tushun, liga 1 ham oson turnir emas, ammo eng qiyin chempionat — Angliyada. Shunday ekan, sen eng yaxshilardan biri bo‘lish uchun hozir «PSJ»da qilayotgan ishlaringni, «Chelsi», «Manchester Yunayted», «Arsenal», «Man Siti» yoki «Liverpul»da qilishing kerak. Yoki Ispaniyaga, «Real» yoki «Barselona»ga bor», — deya yozgan Fransiya futbolining yaqin o‘tmishdagi taniqli hujumchilaridan biri The Athletic nashrida.

Mbappe yil boshidan buyon 30 million yevro miqdoridagi yillik maosh to‘lash ko‘zda tutilgan yangi shartnoma bo‘yicha takliflarni rad etdi. Hatto klub go‘yoki bu summaga 20 million yevro qo‘shganida ham, futbolchining pozitsiyasi o‘zgarmagan. Ispaniyaning Marca nashrining u shartnomaga faqat bir shart bilan - unda keyinroq «Real»ga o‘tish haqidagi band qo‘shilsagina qo‘l qo‘yishi haqidagi xabariga ishonish qiyin. Birinchidan, so‘nggi vaqtlarda ushbu nufuzli nashr bir necha marta xato qildi, ikkinchidan, Fransiyada, Ispaniyadagidan farqli o‘laroq, badal puli miqdori to‘g‘risidagi punkt kiritish taqiqlangan.

Fransuz manbalarining ma’lumotlari haqiqatga yaqinroq, ularning tasdiqlashicha: Mbappe Pochettinoga shartnomasining oxirgi yilida ham o‘ynab berishni va’da qilgan. Shunday ekan, Al-Helayfi nima demasin, bu holatda Adriyen Rabo bilan bo‘lgani kabi tarkibdan chiqarib tashlash chorasini takrorlab bo‘lmaydi. Mbappe juda yaxshi o‘ynaydi va jamoa uchun foydali. Qolaversa, Yevropa chempionatidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin unda motivatsiya haddan tashqari yuqori bo‘lib ketgan, forvard Chempionlar ligasini yutib berib, Parijdagi missiyasini yakunlaganini namoyish etib, xotirjamgina o‘zi orzu qilayotgan «Real»ga yo‘l olishi mumkin bo‘ladi. «PSJ»ning hozirgi tarkibi bilan bunday ssenariy har qachongidan ko‘ra realroq.

Teglar

O'xshash yangiliklar