O'zbek Ўзбекча
Pro-Liga. Samarqandda «yil o‘yini»: Ro‘zimboy Ahmedov 3 ta, «Dinamo» 4 ta gol urdi. «Bonus»iga chiroq o‘chib qoldi
Dushanba, 28 Iyun
2636

Pro-Liga 11-turining qiziqarli o‘yinlaridan biri Samarqandda o‘tkazildi. Bu mavsumdagi eng qiziqarli o‘yinlardan biri bo‘ldi. Bir uchrashuvda shunchalik ko‘p voqealar bo‘ldiki, muxlislar uni ancha vaqtgacha unutmasa kerak.

«Dinamo» hamda «Xorazm» jamoalari o‘rtasidagi Samarqandda o‘tadigan o‘yinlarda doim qiziqarli voqealar bo‘ladi. 2 yil avval bu jamoalar uchrashuviga hakam tomonidan 15 daqiqa qo‘shilgan, xorazmliklar o‘yinni 9 kishi bo‘lib yakunlagan, darvozaga futbolchi turgan va «Dinamo» g‘alaba golini 90+14-daqiqada urgandi.

Bu gal o‘yinga bunaqa ko‘p vaqt qo‘shilmadi, lekin chiroq o‘chib qoldi. «Dinamo» stadioni ulangan liniyadagi nimstansiya portlab ketib, projektorlar o‘chib qoldi. 20 daqiqacha stadionda qiziq holat kuzatildi. Qorong‘uda jamoalar bittadan gol ham urishdi. Aftidan «Dinamo»ning liniyasini o‘zgartirishdi va elektr muammosi kutilganidan tezroq bartaraf etildi. Agar bir soat ichida muammo bartaraf etilmaganda, mezbon jamoaga texnik mag‘lubiyat yozilardi.

Chiroq o‘chgunga qadar «Xorazm» Ro‘zimboy Ahmedovning het-trigi evaziga 3:1 hisobida oldinda borayotgandi, biroq chiroq yongach, «Dinamo» uchta gol urib g‘alabani ilib ketdi. O‘yinda har ikki jamoa ham o‘ziga xos kambek qilganini e’tirof etish kerak. Hal qiluvchi qaytishni esa «Dinamo» amalga oshirdi. Shu tariqa «Dinamo» birinchi davradagi mag‘lubiyatga javob berdi.

Tribuna.uz muxbiri o‘yinni stadiondan kuzatdi va quyidagi qiziqarli bahsdan tayyorlangan fotogalereyani e’tiboringizga havola qilamiz.

Teglar

O'xshash yangiliklar