O'zbek Ўзбекча
Derdiyo‘q yo‘q, Temirov bor. «Milliarderlar» pauzadan keyin yana g‘alaba qozonishni boshladi (reportaj)
Payshanba, 24 Iyun
4386

O‘zbekiston milliy jamoasining o‘yinlari sabab Superligada kattagina muddat tanaffus yuzaga kelgandi. Bu vaqtda maydonda hech nima bo‘lmadi, ammo uning tashqarisida ko‘p narsa bo‘lib ketdi. Futbol tarixida ilk marta klub o‘z futbolchilarining maoshini oshkor qildi (ishonavering, bu ishni «Paxtakor»gacha hech kim qilmagan), klublar davlat ixtiyoriga o‘tib ketdi, futbolga boqimanda sohaga bo‘lgani kabi qarash yana bir necha yil oldingi kabi ko‘rinish oldi.

Mana shu jihatlar, shuningdek, milliy jamoaning muvaffaqiyatsizligi maydondagi o‘yinlarda ham o‘z aksini topdi. O‘yinlar biroz zerikarli boshlandi. Pauzadan keyingi ikkinchi turga kelib esa jonlanish kuzatildi. Sensatsiyalar bo‘ldi, chiroyli gollar urildi. Chempionat yetakchisi «Paxtakor» bu turda «Andijon»ni qabul qilib, kichik hisobda g‘alaba qozondi. Yorqin Nazarov boshqaruvidagi barcha jamoalar kurashuvchan va aqlli o‘yin ko‘rsatadi. «Andijon» ham «Paxtakor»ni yaxshigina qiynadi.

Buni qarangki, «Paxtakor» tarkibida 1,3 million yevro maosh oladigan Eren Derdiyo‘qdan boshqa futbolchilar ham gol urishni bilarkan. Bu, albatta, hazil. Shveysariyalik hujumchining maoshi hali yana ko‘p marta eslanadi. Xullas, e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra jamoaning eng kam maosh oluvchi futbolchilaridan biri Sherzod Temirov shu kuni Farrux Sayfiyevning super uzatmasini golga aylantirdi va jamoasiga g‘alaba keltirdi.

Bu vaziyatda Abramov «chap qanot qiroli» Farrux Sayfiyevni Saudiyaga olib bormay xato qilganiga yana bir bor amin bo‘ldik. Shu tariqa sobiq «Nasaf»chi yana bir sobiq «Nasaf»chi Sherzod Temirovning «Paxtakor» safidagi birinchi goliga assistentlik qildi. Sherzod golni Ronaldu uslubida nishonladi.

Tribuna.uz muxbiri o‘yinni stadiondan kuzatdi va quyida «Paxtakor» — «Andijon» o‘yinidan tayyorlangan fotogalereyani e’tiboringizga havola qilamiz.

Muhiddin Qurbonov olgan suratlar

Teglar

O'xshash yangiliklar