O'zbek Ўзбекча
Yevro-2020, D guruhi bilan tanishuv: britancha derbi va mundial finalchisi
Payshanba, 10 Iyun
6125

Yevropa chempionati ishtirokchilarini tanishtirishda davom etamiz. Navbatda — D guruhi.

ANGLIYA

FIFA reytingidagi o‘rni – 4
Yevro-2020ga yo‘l – 7 g‘alaba, 1 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati – 37:6
Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar – Harri Keyn (12 gol)
Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi – 3-o‘rin (1968, 1996)

Angliya bosh murabbiyi

Garet Sautgeyt 2016 yil sentyabrida Sem Ellardays mojaroli tarzda iste’foga chiqqach, vaqtinchalikka murabbiy etib tayinlangandi, ammo to‘rt o‘yindan keyin unga to‘laqonli shartnoma taklif etishadi. Uning boshqaruvida inglizlar 2018 yilgi jahon chempionatida yarimfinalga qadar yetib borishdi – jamoa 1966 yildan buyon ilk bor jahonning eng kuchli to‘rt jamoasi qatoriga kirdi. 2019 yilgi Millatlar ligasi kubogida ham Angliya 3-o‘rinni egalladi, Yevro-2020ga saralash turnirida birinchi o‘rin bilan chiqildi.

Garet Sautgeyt – qit’a chempionatida «igna ustida o‘tiradigan» murabbiylardan biri. Uning qo‘l ostida yulduzli tarkib tarkib yig‘ilgan. Hatto Uord-Prouz, Lingard, Meddison kabi futbolchilarga yakuniy qaydnomadan joy topilmadi. Muxlislar tarkibida Keyn, Foden, Maunt, Grilish, Sancho, Reshford kabi yulduzlarga ega jamoadan chempionlikni kutishga ham haqli. Ammo bunga murabbiyning salohiyati yetadimi?

Sautgeyt davrida Angliya o‘z darajasidan past jamoalarni osonlik bilan mag‘lub etmoqda, ammo Belgiya kabi grandlarni mag‘lub eta olmayapti. Murabbiy «top»lar bilan o‘yinlarda ehtiyotkorlik qilib, 5 himoyachi taktikasidan foydalanmoqda va bu hozircha samarasini bergani yo‘q. Hozirgi Angliya uchun yarimfinal maqtanadigan daraja emas.

Asosiy yulduzlar
Angliya terma jamoasi narxi Transfermarkt baholariga ko‘ra milliard yevrodan oshadi. Barcha futbolchilar —hozirgi yoki bo‘lajak yulduzlar.

Sautgeytda asosiy tarkibni tanlashda yaxshigina «boshog‘riq» bor. Mourino qo‘l ostida ortga qaytib o‘ynashni o‘rgangan Harri Keyin gol urishda ham, assistentlik borasida chempionatda eng yaxshi natijalarni ko‘rsatdi. U 2018 yilgi jahon chempionatida to‘purar bo‘lgandi (guruhda Panama va Tunisga urilgan gollar evaziga). Hozirda ushbu hujumchi 27 yoshda va har mavsum kamida 20tadan gol urib kelmoqda. Jamoa sardori Keyn «Tottenhem»dagi sovrinsiz yillar uchun ham milliy jamoa bilan chempionlikka harakat qiladi, lekin buning uchun pley-offda kuchli raqiblarga ham gol urish talab etiladi.

Keyn sardor bo‘lsa-da, o‘yin qurish borasida Grilish va Maunt inglizlar uchun muhim figuralardir. Jek «Aston Villa»dan top klubga o‘tishga allaqachon tayyor bo‘lganini isbotlaydigan vaqt keldi. Maunt Chempionlar Ligasidagi g‘alabadan keyin Yevroda ham g‘olib bo‘lsa, 22 yoshidayoq orzularining katta qismiga erishgan bo‘ladi.

Yevro-96dagi Pol Gaskoynga taqlidan imijini o‘zgartirgan Foden «Oltin to‘p»ning kelajakdagi egasi kimligini ko‘rsatib qo‘yish bilan birga, YeCHL finalidagi mag‘lubiyat alamini esdan chiqarishga urinib ko‘radi.

2-3 yildan beri «MYU»ga o‘tishi aytiladigan Sancho odatda katta o‘yinlarda va turnirlarda yo‘qolib qoladi. O‘zgaradigan vaqt keldi – sovrinlar yutish va top-darajaga chiqish uchun yirik turnirlarda qahramonlik qilish talab etiladi.

Shuningdek, tarkibda o‘tgan mavsum alamzadalari – Reshford va Sterling, iqtidorli yoshlar – Rays, Saka va Bellingem bor.

Tarkibda dahshatli raqobat yuzaga kelgan. O‘zini ko‘rsata olmagan yulduz «bir lahzada» zaxiraga tushib qolishi mumkin.

Tarkib
Angliya milliy jamoasi darvoza chizig‘i bu safar yomon emas. Pikfordga raqobatchi sifatida «Vest Bromvich»da seyvlar qilishdan charchamagan Jonston va «MYU»da De Xeadan asosiy tarkibdagi joyni olib qo‘ygan Henderson bor. Ammo Sautgeyt ko‘proq «Everton» posboniga ishonsa kerak.

Trent jarohat olib, safdan chiqqaniga qaramay o‘ng qanot himoyasida raqobat fantastik darajada. Uoker, Tripper va Jeyms – ularning istalgani asosiyda o‘ynashga loyiq. Maguayr jarohat olgach, markaziy himoya eng zaif chiziqlardan biriga aylandi. To‘g‘ri, Harri qaydnomada bor, lekin hamon mashg‘ulotlarda qatnashmayapti. Shu sababli asosiy tarkibda Stounz va Mingz juftligi harakat qilishi kutilmoqda. Chapda Shou va Chilluell bir-birining o‘rnini bosa oladi.

Markaziy yarimhimoyada qoniqarsiz mavsumdan keyin, qo‘shimchasiga kichik jarohat bilan Yevroga olib ketilgan Henderson va yosh bo‘lishiga qaramay, «Vest Hem» sardoriga aylangan Rays bor. Shuningdek, «Lids»da yetakchilardan biriga aylangan Fillips va 17 yoshda ekanligiga shubha bilan qaraladigan Bellingemni ham ta’kidlash lozim.

Hujumlar boshlashda Grilish, Maunt, Foden tashabbuskor bo‘lishadi. Qanotlardan Reshford, Sterling, Sancho va Saka raqib himoyachilariga xavf solishadi. Markaziy hujumda Keyn va zaxiradan tushib uning o‘rniga 15-20 daqiqa o‘ynashi mumkin bo‘lgan Kelvert-Lyuin bor.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Pikford – Uoker, Stounz, Mingz – Chiluell, Tripper – Rays, Grilish – Maunt, Foden, Keyn.

Angliya: Yevro-2020 uchun prognoz
Angliya Yevroda biror marta g‘olib chiqmagan, 1966 yildan buyon (Angliyada o‘tgan jahon chempionati g‘olibligi) g‘olib bo‘lmagan. Inglizlar doimgidek turnirga favoritlar qatorida keldi. Tarkib super. Bu safar Angliya finalgacha borsa 7 o‘yindan 6tasini o‘z uyida o‘tkazishi mumkin. Ammo g‘oliblik DNKsi yo‘qligi, top-murabbiyga ega emasligi va yirik turnirlarda penaltilar seriyasida omadsizlikka uchrashini inobatga olsak, jamoa bu safar ham finalga yetib bormasligi haqiqatga yaqinroq. Lekin jamoa yarimfinalgacha turnirni tark etsa, Sautgeytni muxlislar kechirmaydi.

XORVATIYA

FIFA reytingidagi o‘rni – 14
Yevro-2020ga yo‘l – 5 g‘alaba, 2 durang, 1 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati – 17:7
Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar – Bruno Petkovich (4 gol)
Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi – 1/4 final (1996, 2008)

Xorvatiya bosh murabbiyi

2017 yilda ko‘pchilikni hayron qoldirgan holda xorvatlar jamoasi bosh murabbiyligiga BAAning «Al-Ayn» klubidan Zlatko Dalich keladi. Keyingi voqealar rivojini barcha biladi. Xorvatiya 2018 yil Rossiyada o‘tgan jahon chempionatida finalgacha yetib boradi, jamoaning asosiy yetakchisi Luka Modrich esa o‘sha ishtirok uchun mavsum yakunida «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritadi. Finalda mag‘lub bo‘lganiga qaramay, xorvatlar chempion Fransiyadan ko‘ra muxlislar yoqimtoyiga aylangandi.

Lekin Dalich jamoasida jahon chempionatidan keyin pasayish kuzatildi. Millatlar ligasida muvaffaqiyatsiz ishtirok etildi va top darajadagi raqiblardan mag‘lub bo‘lindi. Rakitich, Manjukich kabi yetakchilar milliy jamoada emas. Qolgan yulduzlar faoliyatining «cho‘qqi»sidan o‘tib bo‘ldi. Shunga qaramay, xorvatlar Yevro-2020 saralashida o‘z guruhida g‘olib bo‘ldi, Xorvatiya doim yirik musobaqalarda tomoshabop o‘yin ko‘rsatadi va o‘zidan yuqori darajali raqiblarni mag‘lub eta oladi.

Dalich 4-3-3 taktikasidan foydalanib, hujumkor va jangovar futbol ko‘rsatadi. Yevro-2020dan so‘ng Xorvatiyada avlodlar almashinuvi bo‘lishi mumkin. Zlatko tajribali futbolchilarga suyanishini inobatga olsak, «qariyalar» bilan bilan birga u ham milliy jamoani tark etsa ajabmas. Murabbiyga avvalroq ishlagan arab klublaridan takliflar bor.

Asosiy yulduzlar
Xorvatiyaning asosiy yulduzlari markaziy yarimhimoyada harakat qiladi. Shubhasiz, eng katta nom – Modrich.  Luka 35 yoshida ham «Real»da eng yaxshi mavsumlaridan birini o‘tkazdi, ammo juda ko‘p o‘ynadi. Bu esa Yevroda unga jismoniy jihatdan muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Yevro-2020 Modrich uchun katta ehtimol bilan so‘nggi qit’a chempionatiga aylanadi.

Kovachich «Real»da o‘ynaganida ham, milliy jamoada ham Modrich soyasi ostida qolardi. Yarimhimoyachi jarohat tufayli mavsum so‘ngida «Chelsi»ning asosiy tarkibidagi o‘rnini yo‘qotib qo‘ydi. Yevro-2020 – unga formasini tiklash va «jangchi» Kovachichga qaytib olishga imkoniyat.

Xorvatiyaning o‘yini «Inter»ning chempionligiga katta hissa qo‘shgan Brozovichga ham bog‘liq. Marselodan «Real»dagi Kazemiro vazifasini bajarib, maestro Modrichga erkin ijod qilish uchun imkoniyat yaratib berishi talab etiladi.

Rossiya Premer-ligasining eng yaxshi legioneri sanalgan Nikola Vlashich faoliyatida burilish yasash va top- 5 ligaga yo‘l olish uchun turnirda porlashi kerak. 23 yoshli futbolchi Xorvatiya kelajagidir. U saralash o‘yinlari va Millatlar ligasi bahslarida asosiy o‘yinchilardan biriga aylandi.

Shuningdek, tarkibda tajribali Lovren, so‘nggi yillarda borgan joyida chempion bo‘layotgan Perishich, «Milan»da Zlatan yonida o‘sishga erishgan Rebich, Xorvatiyaning saralash bosqichidagi to‘purari Petkovich, Bundesligada «Bavariya»ga het-trik qayd etishni qoyillatadigan Kramarich kabi futbolchilar bor.

Tarkib
Xorvatiya darvozasini favqulodda nimadir bo‘lmasa, Livakovich qo‘riqlashi shubhasiz. Himoya markazidan «Marsel»da o‘zini ko‘rsatayotgan Duje Chaleta-Sar hamda tajribali Vida o‘rin oladi. Qanotlarda Vrsalko va Barishich to‘p tepadi. Brozovich-Modrich-Kovachich Yevrodagi eng yaxshi markaziy yarimhimoya triolaridan biridir. Qanotlardan markazga kirib kelishda Perishich va Rebich faollik ko‘rsatadi. Hujum ortida Vlashich harakat qilsa, markaziy forvard chizig‘ida Petkovich va Kramarich almashib o‘ynaydi.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Livakovich – Vrsalko, Vida, Chaleta-Sar, Barishich – Modrich, Brozovich, Kovachich – Vlashich, Perishich – Petkovich.

Xorvatiya: Yevro-2020 uchun prognoz
Guruh bosqichida qolib ketish katta muvaffaqiyatsizlik bo‘ladi. Xorvatlar guruhdan ikkinchi o‘rinni olib bo‘lsa ham chiqishi va pley-offga chiqishi kerak. Dalich shogirdlari, katta ehtimol bilan 1/8 finaldan ham o‘ta olishadi, uyog‘iga har nima bo‘lishi mumkin. Xorvatiyadan 2018 yilgi jahon chempionatidagi natijani kutish qiyin, lekin birdamlik va tajriba evaziga chorakfinalgacha borishi mumkin. Finalgacha borishga asosiy futbolchilarning yoshi kattaligi, himoyaning kuchli emasligi xalaqit qiladi. Jamoa ko‘p gol urish bilan birga darvozasidan ham ko‘p gol o‘tkazib yuboradi. Grand jamoalar esa ochiq futbol o‘ynaydigan Xorvatiyani kechirishmaydi.

SHOTLANDIYA

FIFA reytingidagi o‘rni – 44
Yevro-2020ga yo‘l – 5 g‘alaba, 5 mag‘lubiyat, pley-offda 2 g‘alaba, to‘plar nisbati – 17:20
Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar – Jon Makginn (7 gol)
Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi – guruh bosqichi (1992, 1996)

Shotlandiya bosh murabbiyi

Shotlandiya milliy jamoasini «Chelsi» futbolchi sifatida tanilgan, APL klublarida yordamchi murabbiy bo‘lib ishlagan Stiv Klark boshqaradi. Yevro-2020 saralashi davomida bosh murabbiylikka tayinlangan Klark turnirga yo‘llanma olish vazifasini uddaladi. U Qozog‘istonga yutqazgan (0:3) Aleks Maklish kabi qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymadi, guruhda Rossiya va Belgiyadan keyingi uchinchi o‘rinni olgan shotlandlar Millatlar ligasi orqali maqsadga erishdi. Jamoa iroda ko‘rsatib, pley-offda ikki o‘yinda ham penaltilar seriyasida g‘alaba qozonib 24 yillik tanaffusdan keyin ilk bor Yevropa chempionati yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Klark jamoasi raqibga qarab 3-5-2, 4-5-1 sxemalarida o‘ynaydi. Shotlandiyada klassik ingliz futboli elementlari ham ko‘zga tashlanadi. Jamoa texnik va taktik jihatdan guruhdagi raqiblaridan sustroq ko‘rinsa-da, har bir bahsda jangovar harakat qiladi va yakkakurashlarda ustunligi bor.

Asosiy yulduzlar

Shotlandiyaning asosiy yulduzlari APLning top va o‘rtamiyona klublarida harakat qilishadi. Jamoa sardori Robertson – dunyoning eng yaxshi chap qanot himoyachilaridan biri. Endryu nafaqat himoyada, hujumda ham faollik ko‘rsatadi. U «Liverpul»da tez-tez Saloh–Mane-Firmino triosining gollariga assistentlik qiladi.

Zamonaviy futbolda markazda kuchli futbolchiga ega bo‘lish muhim. Shotlandiyaning bu borada omadi kelgan. Markazda so‘nggi 2 yilda katta o‘sishga erishgan Maktominey bor. «Terminator» futbolchi Premer-ligada raqiblar hujumini buzish bilan birga, qarshi hujumlarda gollar ham urib turadi. Markazda Maktomineyning yonida «Aston Villa»da ajoyib mavsum o‘tkazgan Makginn bor. Jon Shotlandiyaning saralashdagi to‘purari bo‘ldi.

Shotlandiyada chap qanot himoyasida Robertsondan tashqari Tirni ham bor. «Arsenal» a’zosi Robertson bilan raqobatda yutib chiqishi qiyin, lekin Kiran 3-5-2 taktikasida markaziy himoyada ham o‘ynay oladi va Klark shu yo‘l orqali ikki futbolchiga asosiy tarkibdan joy topib beradi.

Hujumda «Sauthempton»da Ingz bilan juftlikda harakat qiladigan Che Adams bor. U atlet futbolchilar sirasiga kiradi va pressinglarda faol qatnashadi. U o‘tgan mavsumda APLda 9ta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi.  

Tarkib
Tarkibning katta qismini APL, Chempionship va milliy chempionatda, xususan, «Seltik»da o‘ynaydigan futbolchilar tashkil etadi. Darvozabonlar – 38 yoshli Gordon va 36 yoshli Marshall. Himoyada Robertson va Tirnidan tashqari, «Norvich»dan Henli, «Lids» sardori Kuper, «Mozervell»dan O'Donnell ko‘proq asosiyda tushadi. Yarimhimoya markazidan familiyasi «Mak» bilan boshlanuvchi yigitlar o‘rin olgan – Maktominey, Makgregor va Makginn. Shuningdek, «Chelsi»ning yosh havbeki Gilmur va «Sauthempton» yarimhimoyachisi Armstrong ham bor. Hujumga yaqin nuqtalarda «Bornmut» va «Nyukasl»dagi o‘yinlari bilan mashhur Freyzer, KPR a’zosi Dayks, «Seltik»dan Kristi harakat qilishi mumkin. Markaziy forvard esa o‘sha Adams.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Marshal – O'Donnell, Hendri, Henli, Tirni, Robertson – Maktominey, Makgregor – Freyzer, Makginn, Adams.

Shotlandiya: Yevro-2020 uchun prognoz
Shotlandiya muxlislari jamoadan pley-offga chiqishni talab qilishmaydi, lekin umid qilishadi. Jamoada oldinga boshlovchi «jangchilar» va natija keltiruvchi yulduzlar bor. Klark ulardan to‘g‘ri foydalansa bo‘lgani. Shotlandlar Millatlar ligasida Chexiyani ikki bor mag‘lub etishgandi. 3-o‘rin egalarida ham imkon bo‘lishini inobatga olsak, Shotlandiyada guruhdan chiqib, tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etish imkoniyati bor. 

CHEXIYA

FIFA reytingidagi o‘rni – 40
Yevro-2020ga yo‘l – 5 g‘alaba, 3 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati – 13:11
Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar – Patrik Shik (4)
Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi – 2-o‘rin (1996), 3-o‘rin (2004)

Chexiya bosh murabbiyi

Yaroslav Shilgava murabbiylik faoliyatining asosiy qismini mahalliy klublarda o‘tkazgan. U 2018 yil oktyabrida milliy jamoaga bosh murabbiy etib tayinlangandi. Uning boshqaruvidagi jamoaning ajralib turadigan yorqin jihatlari yo‘q. Jamoa saralashda qiyin bo‘lmagan guruhdan o‘rin oldi – kuchli jamoalardan faqat Angliya bor edi. «Uembli»da 0:5 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin Shilgava shogirdlari uyda — 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, guruhda ikkinchi o‘rinni egallashgandi. E’tiborlisi, chexlar guruh bosqichida inglizlarni mag‘lub etgan yagona jamoadir. Jamoalar endi final bosqichida ham to‘qnash kelishadi.

Shilgava 4-2-3-1 taktikasini ma’qul ko‘radi. Kuchli jamoalar bilan bahsda sxema 4-5-1ga aylanadi. Jamoa jismonan kuchli va bo‘ydor futbolchilarga tayanib, hujumlar yaratishda asosan ikkinchi qavatni ishga soladi. 

Asosiy yulduzlar
Chexiyada 2004 yilgi Yevrodan keyin «yulduzli avlod» chiqmadi. Shunga qaramay, tarkibda o‘tgan mavsumda «Vest Hem» safida APLda 10ta gol urishga erishgan bo‘ydor Souchek bor. 26 yoshli yarimhimoyachi Chexiya yetakchilaridan biridir.

Moyes qo‘l ostida «Vest Hem»da tanilgan yana bir futbolchi Soufaldir. O‘ng qanotda harakat qiladigan himoyachi yakkakurashlarda faol. Shuningdek, hujumchilarga yuqoridan to‘pni yaxshi yetkazib beradi.

Har yili jamoa almashtirib, Bundesligada o‘rnini topishga urinayotgan Shik ham jamoaning yetakchi a’zolaridandir. Hujumchi o‘tgan mavsumda Bundesligada 9ta gol urdi. U chexlarning saralashdagi to‘purari bo‘ldi.

Shuningdek, Chexiya safida «Sevilya»da zaxira darvozaboniga aylanib qolgan Vatslik, «Spartak»da yaxshi mavsum o‘tkazgan Kral, Chempionshipdan Kalas, «Herta»dan Daridani ko‘rish mumkin.  

Tarkib
Shilgava tarkibda ko‘p o‘zgarishlar qilavermaydi. Darvozadan Vatslik o‘rin oladi. Jamoaning yetakchi markaziy himoyachisi Kundela «Slaviya» safida «Reynjers» bilan bahsda raqibiga irqchilik munosabatida bo‘lgani uchun 10 o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va Yevro-2020 qaydnomasidan tushib qoldi. Natijada endi himoya markazida Kalash, Chelyustka va Brabetsdan ikkisi o‘ynaydi. Qanotlarda almashtirib bo‘lmas Soufal va Boril harakat qiladi. Yarimhimoyada Souchek va Kral markazni egallashadi. Darida hujum ortida o‘ynasa, Masopust va Yankto vinger vazifasini bajaradi. Hujumlarni Shik yakunlaydi.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Vatslik – Soufal, Kalash, Chelyustka, Boril – Souchek, Kral – Darida, Masopust, Yankto – Shik.

Chexiya: Yevro-2020 uchun prognoz
Saralash turnirida chexlar top-raqiblarga qarshi tura olishini ko‘rsatishdi, shu tufayli Xorvatiya va Angliya bilan o‘yinlarda ochko olishga urinib ko‘rish mumkin. Chexiya Millatlar ligasida ikki bor Shotlandiyaga mag‘lub bo‘lgandi — revansh olishning ayni vaqti. Taqvim chexlar uchun qulay: dastlabki ikki turda Shotlandiya va Xorvatiyaga qarshi o‘yinlar. So‘nggi 3ta qit’a chempionatida guruhdan chiqa olmagan Chexiya uchun 1/8 final ham ijobiy natija sifatida qaraladi.

Yevro-2020: D guruhi taqvimi

13 iyun
18:00. Angliya – Xorvatiya (London)

14 iyun
18:00. Shotlandiya – Chexiya (Glazgo)

18 iyun
21:00. Xorvatiya – Chexiya (Glazgo)
00:00. Angliya – Shotlandiya (London)

22 iyun
00:00. Xorvatiya – Shotlandiya (Glazgo)
00:00. Chexiya – Angliya (London)

Teglar

O'xshash yangiliklar