O'zbek Ўзбекча
«Dinamo» ikkita darvozabon bilan yutdi, ukrainalik legioner faoliyatida ilk marta gol urdi
Seshanba, 06 Aprel
1731

Pro-Liga 3-turida musobaqa yetakchisi Samarqandning «Dinamo» jamoasi o‘z maydonida Nukusning «Orol» klubini qabul qildi. Ketma-ket uchinchi o‘yinda ham g‘alaba qozongan «Dinamo» yetakchilikni saqlab qoldi. «Orol» esa 4 okcho bilan 5-o‘ringa joylashdi.

Samarqandliklar o‘yin taqdirini birinchi bo‘limning o‘zida hal qilishdi. Avvaliga ukrainalik Oleg Marchuk dublga erishgan bo‘lsa, Temur Usmonov 41-daqiqada uchinchi golni urdi. Bungacha Navro‘z Alimov «Orol» safida gol urgandi. Ikkinchi bo‘limda yaxshiroq o‘ynagan nukusliklar yana bitta gol urishdi, lekin Amir Abduraziyev tomonidan kiritilgan gol Temur Turdiyev jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qola olmadi.

O‘yin davomida esda qolarli voqealar sodir bo‘ldi. Avvaliga uchrashuv 7 daqiqa kechikib boshlandi. Noodatiy sababga ko‘ra – o‘yinga kelishi kerak bo‘lgan tez yordam mashinasi kechikib keldi. Bu esa Pro-Liga o‘yinlari tashkilotchiligi ko‘ngildagidek emasligi va Samarqandda futbolga bo‘lgan e’tibor sustligidan nishona.

Viloyatdagi futbolga bo‘lgan e’tiborsizlik esa ukrainalik Oleg Marchukka faoliyatidagi dastlabki ikki golini urishga xalaqit bermadi. 19 yoshida futbolga kirib kelgan Marchuk Ukraina birinchi divizioni jamoalarida o‘ynab biror marta gol urmagan ekan.

Yana bir qiziq holat shuki, «Dinamo» o‘yin davomida ikki nafar darvozabon bilan o‘ynashga majbur bo‘ldi. Hakim Fuzaylov ikkinchi bo‘limda Dilshod Hamroyevni almashtirdi. Murabbiy buni posbonning yo‘l qo‘ygan xatolari bilan izohladi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Farhod Rahmatov esa ishonchni oqlab, gol o‘tkazib yubormadi. Shu tariqa «Dinamo» yana g‘alaba qozonib, yetakchilikni saqlab qoldi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

O'xshash yangiliklar