O'zbek Ўзбекча
2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun ariza topshirgan O‘zbekistonning raqobatchilardan qanday ustunligi bor?
Dushanba, 25 Fevral
9902

Kecha, 24 fevral kuni Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti  Shayx Ahmad Al-Fahad As-Saboh boshchiligida nufuzli delegatsiya Toshkentga tashrif buyurdi. Martabali mehmonlar bilan ikki kun davomida o‘tkazilgan uchrashuvlarda O‘zbekistonning 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Kun.uz muxbiri mazkur muzokaralar yakunlari, nufuzli turnir mezbonligining qo‘lga kiritilishi ehtimoli va mavzuga doir boshqa savollar bilan Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonovga murojaat qildi.

– Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad As-Sabohning yurtimizga tashrifi O‘zbekistonning Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun kurashdagi katta qadami bo‘la oldimi? Dastlabki muzokaralar qanday kechdi, kutilgan ishlar bo‘ldimi, bu harakatlarning davomi qanday bo‘ladi?

– Avvalo shuni ta’kidlab o‘tishni hohlardimki, davlatimiz rahbari, muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomalarida yurtimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratgandilar. Shuningdek, prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarini o‘tkaza olishga qodir mamlakat ekanligi ham alohida qayd etib o‘tilgandi. Keyinchalik Milliy olimpiya qo‘mitasi bu borada amaliy ishlarni boshlab yubordi. Eng avvalo, imkoniyatlarimizni chamalab ko‘rib, Osiyo Olimpiya Kengashiga 2030 yilgi XXI Osiyo o‘yinlari mezbonligiga ariza yo‘lladik. Chunki 2022 yilgi Osiyo o‘yinlari Xitoyning Hanchjou, 2026 yilgi o‘yinlar esa Yaponiyaning Nagoya shaharlarida bo‘lib o‘tishi aniq bo‘lib ulgurgandi. Shu boisdan biz 2030 yilgi musobaqani qabul qilish bo‘yicha Osiyo Olimpiya Kengashiga ariza yo‘lladik. Bizdan tashqari mazkur nufuzli musobaqa mezbonligi uchun Hindiston, Qatar va Filippin mamlakatlari kurash olib boradi.

Shayx Ahmad Al-Fahad As-Sabohning yurtimizga tashrifi ancha samarali o‘tdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Osiyo Olimpiya Kengashi rahbari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida 2030 yilgi Osiyo o‘yinlarini O‘zbekistonning Toshkent hamda Samarqand shaharlarida o‘tkazish imkoniyatlarini muhokama qildik. Shuningdek, yirik kompleks musobaqa uchun yangi sport inshootlari va Olimpiya shaharchasini qurish, logistika, qulay transport marshruti, yuqori saviyadagi tadbirlarni tashkil qila olish mexanizmi, o‘yinlar translyatsiyasi va boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Yurtimizga tashrifi davomida shayx As-Sabohga hamrohlik qilgan Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi prezidenti, OOK Osiyo o‘yinlari departamenti direktori Haydar Farmon bilan uchrashuvda esa milliy sportimiz kurashning kelajagiga oid muhim kelishuvga erishildi. Xabaringiz bor, 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida ilk marotaba musobaqa dasturidan o‘rin olgan kurash bo‘yicha  7ta vazn toifasida (erkaklar 4ta, ayollar 3ta) bellashuvlar o‘tkazilgan. Musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilgan 14 sportchidan 12 nafari medallarga sazovor bo‘lgandi.

Bugungi uchrashuv yakunlariga ko‘ra, 2022 yilgi Osiyo o‘yinlaridan boshlab kurash bo‘yicha bahslar 15ta vazn toifasida (erkaklar 7ta, ayollar 8ta) tashkil etilishiga kelishib olindi. Shuningdek, erkaklar va ayollar o‘rtasida jamoaviy bellashuvlar ham o‘yinlar dasturidan o‘rin oladi. Shu tariqa, milliy sportimiz nufuzi Osiyo o‘yinlarida yanada ko‘tariladi va kurash bellashuvlarida umumiy hisobda 17ta medallar jamlanmasi o‘ynaladi. Buni o‘zbek milliy sportining ulkan yutug‘i deb bilaman.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

– O‘zbekiston 2030 yilgi turnir mezbonligi uchun da’vogarlik qiladigan bo‘lsa, raqobatchilarni – Qatar, Hindiston va Filippinni qanday omillar evaziga ortda qoldirishi mumkin? As-Sabohning dastlabki taassurotlari va xulosalari qanday bo‘ldi?

– Janob Saboh uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston mazkur o‘yinlarni qabul qilish bo‘yicha yaxshigina ustunliklarga ega ekanligini aytib o‘tdi. Gap shundaki, musobaqa mezbonligiga da’vogarlik qilayotgan to‘rt mamlakat ichida faqatgina O‘zbekistonda Osiyo o‘yinlari o‘tkazilmagan. U kishi suhbatda mazkur jihat musobaqa geografiyasini oshirishga xizmat qilishi va ushbu kurashda mamlakatimizning imkoniyatlarini yaxshigina oshirishini aytdi. Shuningdek, As-Saboh O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, sportga qaratilayotgan e’tibor bu borada muhim ahamiyatga ega ekanligini aytib o‘tdi.

Musobaqani qabul qila olsak, bu eng avvalo mamlakatimizning xalqaro imijini yuksaltiradi. Bu nafaqat sport rivojiga, balki turizm sohasining taraqqiyotiga ham o‘zining katta hissasini qo‘shadi. Musobaqalar vaqtida mamlakatimizga o‘n mingdan ziyod sportchi va murabbiylar, sayyohlar keladi. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, bu orqali mamlakatimizda sayyoxlik industriyasi ham yaxshigina rivojlanadi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

– Agar O‘zbekiston ilk bor shunday xalqaro turnir mezbonligi uchun kurashsa, kerakli infratuzilmani, stadionlarni va mehmonxonalarni tayyorlash harakatlarini boshlash kerak bo‘ladi. Bu borada qanday ishlar rejalashtirilmoqda?

– Ayni paytda o‘yinlarni qabul qilish bo‘yicha taqdimot rejasi ishlab chiqilgan. Bunda nafaqat sport inshootlari, balki yirik Olimpiya stadionini ham qurish lozim bo‘ladi. Bundan tashqari, rejaga ko‘ra, mamlakatimizda zamonaviy chim ustida xokkey arenasi ham qad rostlaydi. Hukumatimiz tomonidan sportga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Muhtaram yurtboshimiz ham bu borada bizni qo‘llab-quvvatlamoqdalar. Umid qilamanki, bu borada hukumatimiz o‘z yordamini ayamaydi. Chunki bu orqali nafaqat sportimiz, balki qayd etib o‘tganimdek, mamlakatimiz imiji ham yuksaladi. 

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

– Osiyo o‘yinlari uchun ikki shahar - Toshkent va Samarqand nomzodi ko‘rsatilishini nazarda tutgan holda yana qanday ishlar amalga oshirilishi kerak bo‘ladi?

– O‘yinlarni o‘tkazish uchun bejizga Toshkent va Samarqand shaharlari tanlangani yo‘q. Har ikki shaharda ham sayyohlik imkoniyatlari yuqori. Asosiy sport turlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Samarqandda esa asosan suv sporti turlari, eshkak eshish bo‘yicha bellashuvlar tashkil etiladi.

Ko‘hna Samarqandni butun dunyoda bilishadi. Qolaversa, u yerda yetarli darajada sport infratuzilmasi mavjud. Ya’ni Samarqandda eshkak eshish bo‘yicha kanal bor. Biz mazkur kanalni tubdan modernizatsiya qilishimiz kerak bo‘ladi va bu borada hukumat ko‘magiga muhtojmiz. Biz Osiyo o‘yinlari vaqtida bunday inshootdan samarali foydalanamiz. Umuman, hozirga qadar qaysi sport turlari qaysi inshootlarda o‘tkazilishi bo‘yicha reja ishlab chiqib bo‘lingan. O‘yinlarni o‘tkazish uchun Toshkent va Samarqand shaharlaridan tashqari, Toshkent viloyatidagi bir necha ob’ektlar jalb qilinadi.

Teglar

O'xshash yangiliklar