Sala so‘nggi yo‘lga kuzatildi
Dushanba, 18 Fevral
8535

Argentinaning Progreso shahrida aviahalokat tufayli hayotdan ko‘z yumgan futbolchi Emiliano Sala bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tdi. Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, marosim hujumchi futboldagi ilk qadamlarini qo‘ygan «San-Martin de Progreso» klubiga qarashli hududda bo‘lib o‘tdi.

Mahalliy aholi tonggi soat 7dan yig‘ila boshladi. Futbolchining yaqinlari, do‘stlari va muxlislaridan tashqari marosimda «Kardiff» bosh murabbiyi Nil Uornok va ijrochi direktori Ken Chu ham ishtirok etdi.

To‘rt mavsumdan buyon «Nant» tarkibida o‘ynab kelgan Sala 19 yanvar kuni «Kardiff Siti» bilan shartnoma imzolagan, uning transfer qiymati Uels jamoasi uchun rekord miqdor – 15 mln yevroni tashkil etgandi.

Ma’lumot uchun, 28 yoshida vafot etgan Sala Argentinaning Santa Fe provinsiyasiga qarashli Kululu shaharchasida tug‘ilgan. U 15 yoshiga qadar «Progreso» klubida to‘p tepgan. Professional faoliyatini Fransiyaning «Bordo» jamoasida boshlagan; «Orlean», «Nor» va «Kan» klublarida ijara asosida o‘ynagan. «Nant» uni «Bordo»dan 2015 yil yozida xarid qilgan edi.

21 yanvar kuni bortida Sala va uchuvchi Devid Ibbotson bo‘lgan «Piper PA-46 Malibu» rusumli samolyot «Nant Atlantik» aeroportidan Uelsning Kardiff shahriga qarab yo‘lga chiqqach, manzilga yetishiga bir soat qolganida radarlardan yo‘qolib qoldi. Samolyot so‘nggi marta 700 m balandlikda, Olderni orolidan 13 km uzoqlikda ekanida aloqada bo‘lgandi.

Havo kemasini qidirish ishlariga beshta samolyot, ikkita qutqaruv kemasi va bitta vertolyot safarbar etildi. Emilianoning oilasi xayriya aksiyasi orqali pul to‘plab, xususiy qutqaruv-qidiruv tashkilotiga murojaat etishdi. Noqulay ob-havo tufayli to‘xtab qolavergan va bir hafta davom etgan qidiruvdan so‘ng samolyot qoldiqlari 3 fevral kuni La-Mansh bo‘g‘ozidan topildi. 67 metr chuqurlikdagi samolyot bortida aniqlangan jasad 7 fevralda suvdan olib chiqildi, 8 fevralda barmoq izlari orqali Salaga tegishli ekani tasdiqlandi.

Halokat sabablari hozircha aniqlanmadi, bunga noqulay ob-havo sabab bo‘lgani aytilmoqda. Ekspertiza futbolchi boshi va tanasidan olgan jarohatlari tufayli halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Kardiff» Salaga tijoriy parvoz tashkil qilib berishni taklif qilgan, ammo futbolchi bunga qadar o‘zi boshqa samolyotni buyurtma qilib bo‘lganini aytgan. Parvozni agent Uilli Makkey tashkil etgan, u na samolyot va na uchuvchini tanlashda qatnashmaganini aytmoqda. 

60 yoshda bo‘lgan uchuvchi Devid Ibbotsonning jasadi hali topilganicha yo‘q. Uning qizi otasining tanasini topish uchun xayriya aksiyasi tashkil etgan. Xayriyaga hissa qo‘shganlar orasida Kilian Mbappe (27 ming funt) va Gari Lineker (ming funt) ham bor. 16 fevral holatiga ko‘ra, zaruriy mo‘ljaldagi 300 ming funtning 240 ming funti yig‘ib bo‘lindi.

Teglar

O'xshash yangiliklar