Roberto Karlos Toshkentda yosh futbolchilar uchun master-klass o‘tkazdi (fotoreportaj)
Dushanba, 28 Yanvar
8599

Bugun, 28 yanvar kuni braziliyalik futbol afsonasi Roberto Karlos Toshkentda bo‘lib turibdi. U tushga yaqin O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida bo‘lib, rahbariyat vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida O‘FA bosh kotibi Sardor Rahmatullayev mehmonni yurtimizda ko‘rib turganidan xursand ekanini bildirdi va unga o‘zbek futboli, unga davlat tomonidan qaratilayotgan e’tibor xususida qisqacha ma’lumot berdi. O‘z navbatida Roberto Karlos tashrifidan mamnunligini aytib, bu O‘zbekistonga so‘nggi marta kelishi bo‘lmasligiga umid bildirdi.

«O‘zbek futboli bilan tanishman. O‘zbekistonlik o‘yinchilar bilan birga o‘ynaganman. Masalan, Odil Ahmedovni hamma biladi. U – yuqori klassdagi futbolchi», – deya ta’kidlab o‘tdi Roberto Karlos.

Uchrashuvda O‘FA rahbariyati tomonidan JCH-2002 chempioniga esdalik sovg‘alari, xususan O‘zbekiston terma jamoasi libosi topshirildi; mehmonga o‘zbek do‘ppisi va milliy chopon kiydirildi.

Shundan so‘ng Roberto Karlos O‘FA qoshidagi maydonda yosh futbolchilarga master klass o‘tkazdi. «Hozirgi master-klassdan ancha narsa o‘rganasizlar, deb umid qilaman. Sizlarning yoshingizda har kuni ertalab otam bilan mashg‘ulotlarga chiqardim. Menda ham xuddi sizlardagidek orzu bo‘lgan: terma jamoada va orzumdagi klub «Real»da o‘ynash. Shuning uchun mashq qilardim», – dedi mashg‘ulot oldidan Karlos.

Mashg‘ulotlardan keyin Roberto Karlos va Azamat Abduraimov, Shuhrat Maqsudov, Viktor Karpenko, Bahodir Ahmedov, Zayniddin Tojiyev, Eldor Magdeyev, Aleksey Roshchin, Aleksandr Xvostunov kabi o‘zbek futbolining faxriy yulduzlari ishtirokida har biri 7 daqiqadan ikki bo‘lim davom etgan futbol matchi o‘tkazildi. Unda nufuzli mehmon har ikkala jamoa tarkibida bir bo‘limdan to‘p surdi. O‘yin 2:1 hisobida, ikkinchi bo‘limda tarkibida Roberto Karlos o‘ynagan jamoa foydasiga yakun topdi, gollardan biriga «Real»ning sobiq himoyachisi mualliflik qildi.

Kunning ikkinchi yarmida Roberto Karlos A.P.Xlebushkina nomidagi Mehribonlik uyiga tashrif buyuradi, shundan keyin matbuot anjumanida ishtirok etadi.

Teglar

O'xshash yangiliklar