«Siti» qarshisida «Chelsi», Ispaniyada derbi. Tur o‘yinlari anonsi
Juma, 07 Dekabr
12603

Yevropada yana futbol kunlari kelmoqda. Kelasi hafta Chempionlar Ligasi o‘yinlari borligi uchun, top-klublarning bu haftadagi o‘yinlari asosan 8 dekabrga to‘g‘ri keladi. Angliyadagi markaziy o‘yindan tortib, Bundesligadagi asosiy derbi ham shanba kuniga belgilangan. Dam olish kunlarini esa, bugun A Seriyaning ikki yetakchi klubi ochib beradi. 

YUVENTUS – INTER (8 dekabrga o‘tar kechasi, 00:30)

Bu qarama-qarshilik Italiyada so‘nggi yillarda hatto, Milan derbisini ham ortda qoldira oldi, deyish mumkin. Chunki, aksariyat hollarda bu o‘yin turnir jadvali uchun ham ahamiyatli bo‘lib qoladi, bu bir shahardagi muxlislarning tarixiy ziddiyati emas, A Seriya shinavandalarining diqqat markazidagi bahsdir. Tomonlar nafratining yanada kuchayishiga, 2004 yillarda boshlangan «Modjigeyt» voqealari sabab bo‘lgan. Esingizda bo‘lsa, «Yuventus»dan tortib olingan ikki chempionlik aynan «Inter»ga taqdim etilgandi. Turinliklar o‘sha sovrinlarni hali ham o‘zlariniki deb hisoblashadi. 

Hozir jamoalar orasidagi farq 11 ochkoni tashkil etsa-da, Ligada «Yuventus»ga sal bo‘lsa-da bosim qilishi mumkin bo‘lgan ikki jamoadan biri «Inter»dir. Umuman, so‘nggi o‘zaro o‘yinlarda ham milanliklar yetarlicha qarshilik qila olganini ko‘ramiz. So‘nggi 15 o‘yindan 8tasida turinliklar g‘alaba qozona olishmagan. Bunday statistika «Yuventus» raqiblari ichida eng yaxshisidir. 

Ayniqsa, o‘tgan yilgi bahslar ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Turinda hisob ochilmagan bo‘lsa, Milandagi o‘yin chempionlik masalasida hal qiluvchi bahslardan biri bo‘lgandi. «Inter» dastlab gol qo‘yib yuborib, keyin bir kishi kam bo‘lib qolganiga qaramay, hisobda oldinga chiqib olgandi. Ammo so‘nggi uch daqiqada mehmonlar ikki gol urib, g‘alabani ilib ketgan. Bu o‘yindagi ochko yo‘qotish «Yuventus»ni chempionlikdan mahrum qilishi ham mumkin edi o‘shanda.

Tarkiblar borasida «Yuventus» safida Sami Xedira va Emre Jan maydonga qaytishi mumkin. Ular mashg‘ulotlarda qatnashishni boshlab yuborishgan.  Faqat Andre Barzali va Aleks Sandroda kichik jarohatlar bor. «Inter» esa, balki bu safar Raja Nainggolan yordamidan foydalanishi mumkin. Uning sport formasi hali ma’lum emas, lekin u ham jamoa bilan shug‘ullanishni boshladi.  

SHALKE – BORUSSIYA DORTMUND (8 dekabr, 19:30)

Rur derbisi Bundesliganing eng murosasiz va ahamiyatli to‘qnashuvi hisoblanadi. 1925 yildan buyon davom etib kelayotgan bu qarama-qarshilikda doim chempionatning eng esda qolarli voqealari bo‘lib o‘tadi. 

1997 yilda darvozabon Yens Lemann so‘nggi daqiqalarda hujumga chiqib, hisobni tenglashtirgani, deysizmi, 2007 yilda aynan derbidagi mag‘lubiyat tufayli «Shalke» chempionlikdan mahrum bo‘lganini eslaysizmi... Hatto jamoalar muhim sovrinlar uchun kurashmagan yillari ham, juda qiziqarli shou tashkil qilib berishgan. O‘tgan yilning noyabrida Dortmundda bo‘lib o‘tgan uchrashuv bunga yorqin misol. O‘shanda uzoq vaqt muvaffaqiyatsiz o‘yinlar seriyasini o‘tkaztgan «Borussiya» dastlabki yarim soatda hisobda 4:0 hisobida oldinga chiqib olgandi. Ammo keyinchalik «Shalke» hisobni tenglashtirishning uddasidan chiqqan. Umuman, 5 o‘yindan beri «Shalke» Rur derbisida mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. 
«Bavariya» hozir muammolar girdobida, lekin istalgan payt uyg‘onib qolishi mumkin. Myunxenliklarning uyg‘onishi xavfli, jamoa mavsumdagi hamma o‘yinni o‘z foydasiga hal qilish salohiyatiga ega. Shu tufayli «Borussiya» bugungi holatdan maksimal foydalanishi va imkon qadar «Bavariya»ni o‘ziga yaqinlashtirmasligi kerak. Ya’ni, o‘rtadagi 9 ochkolik farq yosh dortmundliklarni bo‘shashtirmaydi va ular faqat g‘alaba uchun maydonga tushishadi. 

«Shalke» esa, biroz og‘ir damlarni boshdan kechirmoqda. Jamoa Chempionlar Ligasida guruh bosqichini muddatidan oldin muvaffaqiyatli yakunlay oldi, ammo bu kurash Bundesligaga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Gilzenkirxenliklar beqaror o‘yinlari natijasida hozirda o‘ziga yarashmagan 12-o‘rinda bormoqda va peshqadamlardan ko‘ra, autsayderlarga yaqinroq. «Shalke»ni hozirda xavfli zonadan 3 ochko ajratib turibdi. 

Jarohatlar borasida ikkala jamoaga ham havas qilib bo‘lmaydi. Mezbonlardan Di Santo, Ut, Reyser kabi asosiy tarkib futbolchilari maydonga tusha olishmasa, «Borussiya» Zagadu, Akanji, Shmelser kabi himoyachilarning yordamidan foydalana olmaydi. Shuningdek, Marko Roys va Kristian Pulishichning maydonga tushishi so‘roq ostida.  

MANCHESTER YUNAYTED – FULHEM (8 dekabr, 20:00)

Bir qaraganda, shunchaki, APLning sakkizinchi va oxirgi o‘rindagi jamoalarining o‘yini. Ammo boshqa tarafdan, o‘yindan-o‘yinga «Manchester Yunayted» murabbiyiga bosim ortib bormoqda, «Fulhem»ni esa Klaudio Raneri o‘z qo‘liga oldi. 

Ha, o‘sha, bir paytlar Mourino «arzimas superkubokdan boshqa hech narsa yutmagan omadsiz» deb atagan Klaudio Raneri. Italiyalik mutaxassis qasdini oldi, Mourino «Chelsi»dan sharmandalarcha haydalgan mavsumda u «Lester»ni chempionlik shohsupasiga yetaklab keldi. Murabbiylar o‘rtasida ziddiyat ham tugadi, zero Raneri «Lester»dan iste’foga chiqarilganda, bunga birinchi bo‘lib munosabat bildirgan ham, uning Angliyaga qaytishi aniq bo‘lgach, bunga iliq fikr bildirgan ilk murabbiy ham aynan Joze bo‘lgandi. 

Lekin hozir shunaqa holatki, Raneri ikkinchi bor Mourinoni iste’foga chiqarib yuborishi mumkin. «Bu shunchaki biznes»  deyilarmidi? Chunki to‘rt o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmay, peshqadamdan endi 18 ochkoga ortda qolayotgan «Manchester Yunayted» istalgan paytda murabbiyni iste’foga chiqarib yuborishi mumkin. David Moyes bilan bo‘lganidek, YeCHL o‘rinlari uchun arifmetik imkoniyat qolmasligi kutilmasa ham kerak, chunki bu safar biroz farqli. Mourino Moyes emas, tinchgina ishlab yura olmaydi, futbolchilar bilan bo‘lgan ziddiyat yana avj olishi ehtimoli ham mavjud. 

«Fulhem» manchesterliklar uchun ancha qulay raqib. Boshqa tarafdan, jamoa 2014 yilda Chempionshipga tushib ketgandi, undan oldin, ya’ni Fergyuson davrida hatto «Arsenal» ham qulay bo‘lgan. Jamoalar o‘rtasidagi «Old Trafford»dagi so‘nggi o‘yin 2013 yilning fevraliga to‘g‘ri keladi. O‘shanda ham jamoalarning egallab turgan o‘rinlari xuddi hozirgidek bo‘lgan va «Fulhem» autsayder bo‘lishiga qaramay, 2:2 hisobida durang o‘ynab ketgandi. O‘sha o‘yinda esda qolarli yana bir jihat – mezbonlar rekord darajada, ya’ni 83 marta kross uzatmani amalga oshirishgan. 

Maydonga tusha olmaydigan o‘yinchilar borasida mezbonlarda muammo yetarli. Sanches, Lindelof, Shou kabi jarohatlanganlar safiga endi Antoni Marsiyal ham qo‘shilgan bo‘lishi mumkin. U «Arsenal»ga qarshi o‘yinni erta tark etgandi. Jamoa sardori Eshli Yang esa, bir o‘yinlik diskvalifikatsiyasini o‘tab bo‘ldi. 

CHELSI – MANCHESTER SITI (8 dekabr, 22:30)

«Chelsi»ning mavsum boshidagi «ishtahasi» Angliyada bu mavsumda uch jamoa chempionlik uchun kurashishi mumkinligiga dalolat qilgandi, ammo bunday bo‘lib chiqmadi. Londonliklar oxirgi 4 o‘yinda atigi bir marta g‘alaba qozonishdi xolos. 12 o‘yinda mag‘lubiyat nimaligini bilmagan Sarri jamoasi qatorasiga ikki safar uchrashuvida mag‘lubiyatga uchradi. Endi «Chelsi» bilan «Manchester Siti» o‘rtasidagi farq 10 ochkoni tashkil qilmoqda. 

Shunday bo‘lsa-da, «Chelsi» ayniqsa, o‘z maydonida «Manchester Siti»ga munosib qarshilik ko‘rsata oladigan va balki mavsumdagi ilk mag‘lubiyatiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan raqiblardan biridir. To‘g‘ri, «Stemford»da bo‘lib o‘tgan oxirgi ikki to‘qnashuvda «shaharliklar» g‘alaba qozonishgan, ammo bu safar maydon chetida Maurisio Sarri ekanini ham unutmaslik kerak. Italiyalik murabbiyning o‘yin uslubi, yuqori pressingda o‘ynay olishi Gvardiola uchun noqulay hisoblanadi. Sarri o‘tgan mavsumda «Napoli»ni boshqarib yurganida ham, Pepning alohida e’tirofiga sabab bo‘lgan. O‘sha «Napoli» «Manchester Siti»ga qarshi munosib o‘ynay olgan oz sonli jamoalardan biri bo‘lgandi. Mutaxassislar o‘yin sifati bo‘yicha ikki jamoaning juda o‘xshash ekani va faqat futbolchilarning yuqoriroq saviyada ekani evaziga inglizlar ustunroq bo‘lganini ta’kidlashgandi. Endi esa, Sarri yanada saviyaliroq ijrochilar bilan Gvardiola jamoasiga qarshi chiqadi. 

Mezbonlar tarkibida Ross Barkli va Viktor Mozes maydonga tusha olishmaydi. Gvardiolada esa, jiddiyroq muammolar bor. Benjamin Mendi yana uzoq muddatga safdan chiqdi, ba’zi o‘yinlarda fransiyalik himoyachiga o‘rinbosar bo‘lgan Zinchenko ham jarohatlangan. Kevin De Bryuynening qaytishiga bir haftacha bor. Jamoa bu futbolchilarsiz ham o‘ynashni o‘rgandi va ketma-ket g‘alaba qozonayotgan bo‘lsa-da, Serxio Agueroning maydonga tushishi so‘roq ostidaligi eng jiddiy yo‘qotish bo‘lishi mumkin. Aguero «Siti»ning aynan hujumni yakunlashdagi asosiy quroli hisoblanishi bilan birga, «Stemford Brij»da gol urgan raqib hujumchilari ichida faqat Robin van Persidan ortda qoladi xolos. Aguero o‘z faoliyati davomida 5 marta «Chelsi» darvozasini «Stemford Brij»da aniq nishonga olgan. 

ESPANOL – BARSELONA (9 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)

8 dekabr kuni tunda esa, Kataloniyada derbi bo‘lib o‘tadi. «Espanol» yana bir bor «Barselona»dan ochko olib qo‘yishga urinib ko‘radi. Aytish mumkinki, o‘tgan mavsumda jamoa buning uddasidan chiqqan – shu yilning fevralida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 1:1 hisobi qayd etilgandi. Sal oldinroq, «Espanol» hatto g‘alaba ham qozongan. Faqat bu Ispaniya Kubogi bahsida edi va barselonaliklar javob o‘yinida o‘zlariga kerakli hisobni qayd etgandi: 0:1, 2:0.
La Ligaga kelsak, «Espanol»ning derbidagi natijalariga havas qilib bo‘lmaydi. Jamoa 18 o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelyapti. Bu o‘yinlarning 14tasida «Barselona» ustun kelgan, 13 o‘yinda esa, «Espanol» gol urishning ham uddasidan chiqa olmagandi. Ammo optimistik qarash uchun ham bir qator asoslar yetarli. 

Misol uchun, «Barselona» ustozi Ernesto Valverde raqib murabbiyi sifatida Espanolga 8 marta tashrif buyurgan bo‘lsa, biror marta ham g‘alaba qozona olmagan. Hatto «Barselona» bilan kelgan ikki o‘yinda ham bu seriya davom etgan. Ikkinchidan, «Espanol» bu mavsumni ancha yaxshi boshladi va hatto ba’zi pallalarda 2-o‘ringa ham ko‘tarildi. Faqat so‘nggi turdagi uch mag‘lubiyat Rubi shogirdlarining turnir jadvalidagi o‘rnini pasaytirib yubordi. Agar bu o‘yinlarda ham barqarorlik saqlanib turganda, «Espanol» hozir «Barselona» bilan tengma-teng ketayotgan bo‘lardi. Shunday bo‘lsa-da, jadvalning yuqori pog‘onalarida yurish, ba’zi g‘alabalar «Espanol»ga qo‘shimcha ishonch taqdim etgani shubhasiz. Jamoa osonlik bilan taslim bo‘lmasa kerak. Shuningdek, an’anaviy tarzda «Espanol»ning derbilarda bor imkoniyatini ishga solishi, aksincha, «Real» bilan o‘yinlarda biroz bo‘shashib harakat qilishini ko‘pchilik sezib ulgurgan bo‘lsa kerak. 

Tarkib borasida mezbonlarda muammo yo‘q. Valverde esa, Rafinya, Artur, Malkom, Umtiti, Serjio Roberto kabi futbolchilardan foydalana olmaydi. Shuningdek, «Espanol»ga qarshi 7 o‘yinda 11 gol urgan Luis Suares mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsa-da, asosiy tarkibda tushishi so‘roq ostida. Ammo Messi hujumchining yo‘qligini bilintirmasa kerak. Argentinalik hujumchi o‘z faoliyatida «Espanol» bilan o‘yinlarda uch marta het-trik amalga oshirgan.  

BOSHQA O‘YINLAR

8 dekabr. «ATLETIKO» – «Alaves» (17:00), «Bornmut» – «LIVERPUL» (17:30), «NAPOLI» – «Frozinone», «BAVARIYA» – «Nyurnberg» (19:30), «ARSENAL» – «Haddersfild» (20:00),  «Kalyari» – «ROMA» (22:00), «Lester» – «TOTTENHEM» (9 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)
9 dekabr. «Ueska» – «REAL» (20:15) «MILAN» – «Torino» (10 dekabrga o‘tar kechasi, 00:30).

Teglar

O'xshash yangiliklar