O'zbek Ўзбекча
«Jenoa» prezidenti: «Shomurodov «Yuve»da? Bu borada qarorimiz qat’iy»
Yakshanba, 10 Yanvar
43428

«Jenoa» klubi prezidenti Enriko Pretsiozi calciomercato.com muxbirining «Yuventus» Eldor Shomurodovga qiziqayotgani hamda Kevin Strotman Genuyaga kelishi mumkinligi haqidagi savoliga javob qaytardi. 

«Hozirgi vaziyatimizda tarkibni faqat kuchaytiramiz. Qishki transfer oynasida hech kim ketmaydi, faqat yangi futbolchilar kelishadi. Ha, Kevin Genuyaga keladi. Men uni juda yaxshi bilganim uchun ham Strotmanning jamoamizga kelayotganidan xursandman.

Klub xo‘jayini Shomurodovning yanvarda klubni tark etishi mumkinligini navbatdagi marta rad etdi: «Bu borada qarorimiz qat’iy – Shomurodov Genuyada qoladi. U hech qayerga ketayotgani yo‘q. «Yuventus» bilan ham rasmiy hech narsa yo‘q», - deya Enriko Pretsiozi so‘zlarini keltirmoqda calciomercato.com.

Avvalroq, Genuya klubi xo‘jayini «Footballnews24.it» muxbiri bilan suhbatda ham Eldorning qishki transfer oynasida jamoani tark etmasligini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, TuttoSport nashri Eldor Shomurodov A Seriyaning amaldagi chempioni «Yuventus» safiga o‘tishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Nashrda qayd etilishicha, Turin klubi sport direktori Fabio Paratichi jamoa safida ijara asosida to‘p surayotgan Alvaro Morata o‘rniga Shomurodov nomzodiga qiziqqan. Enriko Pretsiozi esa «Yuve» rahbariyati bilan yaxshi aloqada.

Ma’lumot uchun, o‘zbekistonlik 25 yoshli forvard o‘tgan mavsumda «Rostov»dan «Jenoa»ga 7,5 million yevro evaziga o‘tgandi. Eldor Italiya A Seriyasi joriy mavsumida 11 o‘yinda maydonga tushib, 2ta gol va 2ta assistga mualliflik qilgan. 25 yoshli forvard so‘nggi uch o‘yinda jamoasining eng yaxshi o‘yinchisiga aylandi. Futbolchining genuyaliklar bilan amaldagi shartnomasi 2025 yilga qadar imzolangan.

Teglar

O'xshash yangiliklar