O'zbek Ўзбекча
«Superligaga chiqish uchun tayyorgarlikni hozirdan boshlash kerak». Davron Fayziyev «Buxoro»ning dastlabki rejalari haqida
Chorshanba, 06 Yanvar
2631

«Buxoro» jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan Davron Fayziyev Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatda dastlabki rejalari haqida to‘xtaldi.

2019 yilgi mavsumda «Dinamo» klubi bosh murabbiyligini tark etgach, 2020 yilgi mavsumda «Qo‘qon-1912» jamoasi bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatovga yordamchi sifatida faoliyat yuritgan Davron Fayziyev 2021 yildan faoliyatini yana bosh murabbiy sifatida davom ettiradigan bo‘ldi.

Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripov va klub bosh direktori lavozimiga ish boshlagan Jamol Alimov bilan uchrashgan Davron Fayziyev yangi jamoasi bilan shartnoma imzolab, «Buxoro» klubi bosh murabbiyi sifatida ish boshladi. Murabbiy oldiga «Buxoro» jamoasini 2021 yilda Superligaga olib chiqish vazifasi qo‘yilgan. 

«Pro ligadan Superligaga chiqish uchun tayyorgarlikni hozirdanoq boshlash kerak bo‘ladi. Shu bois 8 yanvar kunidan Buxoroda yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishga kirishamiz. Bilasiz, bu yil Pro ligadan Superligaga chiqish uchun jiddiy kurash kechadi. Shunga yarasha tarkibni kuchaytirib, o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifa – Superligaga chiqish uchun kurash olib boramiz. 

Buxorodagi yig‘indan keyin Farg‘onada o‘tadigan «Hokim kubogi» musobaqasida ishtirok etishni rejalashtirganmiz. Bu turnirda sparring raqiblar ko‘p bo‘ladi, bu o‘yinlar dastlabki tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. 

Albatta, o‘rtoqlik o‘yinlar orqali tarkibni ham shakllantirib boramiz. Yangi futbolchilar? Hali nom-nom aytishni istamasdim. Ko‘z ostimga olib qo‘ygan futbolchilar bilan shartnoma imzolasak, bu haqda gapirish mumkin bo‘ladi. Tez orada kelishuvga erishishimizga umid qilayapman», - deydi Davron Oripovich Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatda.

Davron Fayziyevga murabbiylar shtabida buxorolik mahalliy mutaxassislar – Mirislom Hasanov, Suhrob Qobilov va darvozabonlar murabbiyi Nurillo Habibov yordam beradigan bo‘ldi. 

Eslatib o‘tamiz, «Buxoro» jamoasi 2020 yilgi mavsum yakuniga ko‘ra, 26 o‘yinda 1 g‘alaba, 11 durang va 14 marta mag‘lubiyatga uchrab, 14 ochko bilan so‘nggi 14-o‘rinni egallab, Superligani tark etgandi. Jamoaning o‘tgan mavsumdagi murabbiylari Jamshid Saidov va Aleksandr Xomyakov klubni tark etgan.

Teglar

O'xshash yangiliklar