Dortmundning «Borussiya» klubi hujumchisi Erling Holand jarohatidan tuzalib safga qaytgan.
Klub sport direktori Mixael Sork norvegiyalik forvardning Bundesliga 14-turi doirasidagi «Volfsburg»ga qarshi o‘yinda maydonga tushishi mumkinligini ma’lum qildi. Ushbu bahs 3 yanvar kuni Dortmundda o‘tkaziladi.
«Holandning tiklanish jarayoni muvaffaqiyatli o‘tdi. U safga qaytdi va keyingi o‘yinga maydonga tushishga tayyor», - deydi Sork Bild bilan suhbatda.
Eslatib o‘tamiz, 20 yoshli hujumchi «Borussiya»ning so‘nggi 7 uchrashuvini o‘tkazib yubordi. Erling joriy mavsumda 14 o‘yinda 17ta golga mualliflik qilgan.