O'zbek Ўзбекча
Grossmeyster Gulruxbegim Tohirjonova AQSH nomidan dona suradi, Nafisa va Hulkar terma jamoadan chiqarilgan
Juma, 25 Dekabr
6552

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonlik xalqaro grossmeyster Gulruxbegim Tohirjonova AQSH shaxmat federatsiyasi a’zosiga aylanganligi haqida xabarlar tarqaldi.

Kun.uz’ning Farg‘onadagi muxbiri Fayzullo Sultonov shaxmatchi qiz Gulruxbegim Tohirjonovaning otasi Alisher Mo‘minov bilan bog‘landi. Alisher Mo‘minov ayni kunlarda betobligi sababli, davolanish muolajasida ekanligi, qanday ma’lumot kerak bo‘lsa telefon orqali berishi mumkinligini bildirdi.

Grossmeyster qizlarning otasidan internetdagi gap-so‘zlar qanchalik darajada xaqiqatga yaqinligi so‘raldi.

«Bu qaror qizimning o‘zidan chiqdi. U 21 yoshga to‘ldi. Mustaqil fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qiladigan yoshga yetib keldi. Men ota sifatida uning qarorini qo‘llab-quvvatladim. Endilikda qizim [Gulruxbegim Tohirjonova] AQSHning Missuri universiteti jamoasi safida dona suradi va bundan keyin xalqaro musobaqalarda Amerika Qo‘shma Shtatlari sharafini himoya qiladi.

Bir narsani alohida ta’kidlamoqchiman, qizim fuqaroligini o‘zgartirgani yo‘q. U — O‘zbekiston fuqarosi. Faqatgina shaxmat bo‘yicha musobaqalarda Qo‘shma Shtatlar nomidan qatnashadi», — dedi shaxmatchi qizning otasi Alisher Mo‘minov.

Otasining aytishicha, Gulruxbegim Tohirjonova hozir Missuri universitetida tahsil olmoqda. Buning uchun unga barcha sharoitlar yaratib berilgan.

«Amerika davlati qizimning olti oylik o‘qishi uchun 150 ming dollar mablag‘ ajratgan. Malakali murabbiylar bilan ta’minlangan. Uning musobaqalarga borish xarajatlari ham to‘liq shu davlat tomonidan qoplanadi», — dedi A.Mo‘minov.

Biz suhbatdoshimiz Alisher Mo‘minovdan qolgan ikki qizi — Gulruxbegimning opalari Nafisa Mo‘minova, Hulkar Tohirjonovaning kelgusidagi faoliyati xaqida ham so‘radik.

«Nafisa qizim ayni kunlarda Yevropada, shaxmat klublaridan birida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Ular ham hozir O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari emas. O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi Nafisani ham, Hulkarni ham terma jamoadan chiqarib tashlagan. Qizlarimdan biri tug‘ruq ta’tilidan so‘ng terma jamoaga qaytmoqchi bo‘ldi. Biroq federatsiya bunga unamadi», — dedi Alisher Mo‘minov.

Ota o‘zi va qizlari O‘zbekiston sportidagi korrupsiya va tanish-bilishchilikdan bezib qolishganini ta’kidlab o‘tdi.

«Bilasizmi, ming iqtidoringiz bo‘lsa-da, kimgadir yaxshi gapirishga, kimningdir qosh-qovog‘iga qarashga majbursiz. Federatsiyadagilar meni yomon ko‘radi. Buni bilaman, chunki men ularga bor haqiqatlarni ochiq ayta olaman. Balki bularni yozish shart emasdir. O‘zgarishlar bo‘lib qolar, sekin-asta o‘zgarishlar bo‘lyapti-ku?» — dedi Alisher Mo‘minov.

Alisher Mo‘minov bilan suhbatimiz yakunida qizi Gulruxbegim Tohirjonovaning O‘zbekistonga qaytishi haqida qiziqdik.

«Yuqorida ta’kidlaganimdek, u hamon O‘zbekiston fuqarosi va albatta, O‘zbekistonga qaytadi. Gulruxbegim agar O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasiga kerak bo‘lsa buning uchun federatsiyaning o‘zi xarakat qilishi lozim», — dedi Tohirjonovalarning otasi Alisher Mo‘minov.

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida istiqomat qiluvchi Alisher Mo‘minovning uch qizi: Nafisa Mo‘minova, Hulkar Tohirjonova, Gulruxbegim Tohirjonovalar professional shaxmatchi hisoblanadi. Qizlarning kattasi Nafisa Mo‘minova 2013 yilda xalqaro grossmeyster maqomini olgan O‘zbekistondagi ilk ayoldir.

Teglar

O'xshash yangiliklar