O'zbek Ўзбекча
Sergey Yuran: «O‘runovning yoshi kichraytirilganini o‘zbekistonlik tanishlarim aytishgan»
Seshanba, 15 Dekabr
11761

«SKA-Xabarovsk» bosh murabbiyi Sergey Yuran «Spartak» yarimhimoyachisi Oston O‘runov haqidagi so‘zlariga izoh berdi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yuran «Match Premer» efirida o‘zbekistonlik futbolchining yoshi kichraytirilgani, u aslida 4-5 yosh katta bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

«Bu bir notanish odamning gapi emas. O‘zbekistonda tanishlarim, murabbiylar bor. Biz gaplashib turamiz. Ular, ehtimol, ko‘proq narsani bilishadi. Shu bilan birga ta’kidlashim kerakki, men aniq bir raqam keltirmadim – u 5 yoki 10 yosh katta. Futbol olamida shunday gaplar bor. Ammo 100 foiz deya olmayman. 

Shunchaki u «Spartak»ka o‘tganida, menga qo‘ng‘iroq qilib, «Eshit, u 19 yoshda emas. Bu O‘zbekistonga ma’lum», – deb aytishgan. Men aniqlik kiritdim: «Nima, yoshi kattami?». Ular «Ha, biroz kattaroq» deyishdi.

Umuman olganda, odamlar ushbu transferdan hayron bo‘lishdi. Nega u uchun 2 mln yevro to‘lashganini tushunmayapman. «Spartak» maktabida 19 yoshli tarbiyalanuvchilar yo‘qmi? O‘runov – yaxshi futbolchi, ammo «Spartak» darajasida emasligi aniq», – deya Yuranning so‘zlarini keltiradi Sport24.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Oston O‘runov 2000 yilning 19 dekabr kuni tug‘ilgan. 19 yoshli futbolchi «Spartak»ka o‘tgunga qadar O‘zbekiston o‘smirlar, yoshlar, milliy jamoalari hamda «Navbahor», «Lokomotiv» va «Ufa» klublarida to‘p surgan.

Teglar

O'xshash yangiliklar