O'zbek Ўзбекча
«Neftchi» - «Andijon» uchrashuvi Farg‘onada o‘tkaziladi. O‘yinning sanasi ma’lum
Payshanba, 10 Dekabr
7516

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi «Neftchi» - «Turon» (0:1) uchrashuvidagi voqealar yakuni bo‘yicha Farg‘ona klubiga nisbatan jazo choralarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, klub moliyaviy jarimaga tortilgan va aksariyat futbolchilar diskvalifikatsiya qilingan bo‘lsa-da, «Neftchi» klubi Superliga o‘tish o‘yinida ishtirok etadigan bo‘ldi. 

Reglamentga binoan, Superligaga o‘tish o‘yini Pro ligada 2-o‘rinni olgan va Superligada 13-o‘rinni egallagan jamoa o‘rtasida bo‘lib, bir o‘yindan iborat uchrashuv Pro liga stadionida o‘tishi lozim. Shu bois «Neftchi» «Andijon»ga qarshi o‘yinni uy maydoni sanalmish Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida o‘tkazadi.

O‘FA Intizom kodeksining 5.4-bandiga asosan klub stadioni 3ta uy uchrashuvini muxlislarsiz o‘tkazish intizom chorasi qo‘llanilgani uchun «Istiqlol» stadionidagi bu o‘yinda tomoshabinlar kiritilmaydi.

Tribuna.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, «Neftchi» - «Andijon» uchrashuvi 15 dekabr kuni o‘tkaziladi. O‘yin soat 14:00da boshlanib, TV-translyatsiya qilinadi.

Qayd etish joiz, Superliga yo‘llanmasi uchun kechadigan pley-off bahsida «Neftchi» jiddiy yo‘qotishlar bilan maydonga tushadi. Jamoa bosh murabbiyi Abdusamad Do‘rmonov iste’foga chiqarilgach, jamoani o‘yinga yordamchi murabbiylar tayyorlamoqda. Uzoq muddatga diskvalifikatsiya qilingani sababli darvozabon Sherzod Abduraimov, himoyachi Sanjar Zokirov, yarimhimoyachi Jamshid To‘raqulov, Pro liganing eng yaxshi to‘purari Doston Toshmatov «Andijon» bilan o‘yinga maydonga tusha olmaydi.

Teglar

O'xshash yangiliklar