O'zbek Ўзбекча
PFL rahbari: «Neftchi»ning keyingi taqdiri, pley-off o‘yinining o‘tishi yoki o‘tmasligi masalasi ko‘rilmoqda. Javobgarlik ikki xil bo‘ladi»
Dushanba, 07 Dekabr
8268

PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev «Neftchi» klubining keyingi taqdiri va Superligaga o‘tish o‘yini o‘tkazilishi yoki qoldirilishi masalasida fikr bildirdi.

«Yakuniga yetgan hafta O‘zPFL uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Bir qator ishlarga ulgurdik. Yangi yilga qadar shu tempda davom etib, ko‘p narsalarni ochiqlashni rejalashtirganmiz. Nasib bo‘lsa, ulguramiz.

Xo‘sh, «Neftchi» — «Turon» o‘yini masalasida. Nimalar bo‘lganini hamma ko‘rdi. Pro ligani rejamizdagidan yaxshiroq o‘tkazishga erishdik. Ammo yakun chiroyli chiqmadi. Buning uchun aybdorlar javob beradi.

Javobgarlik bu borada ikki xil bo‘ladi. Ayni holatda O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasi klub, futbolchilar hamda klub rahbarlarining futboldagi keyingi taqdiriga oydinlik kiritish ustida ishlayapti. Shuningdek, Farg‘ona IIBB aybdor shaxslarni qonuniy javobgarlikka tortgan. 

Tartib-intizom qo‘mitasining qarori bizga kimlar va qanday jazolanishi, «Neftchi»ning keyingi taqdiri, Superliga uchun o‘tish o‘yinining o‘tishi yoki o‘tmasligi kabi masalalarni ochiqlashi mumkin. Bu borada qo‘mita ishiga na O‘zPFL va na O‘FA aralashadi. Barchasi mavjud reglament asosida amalga oshadi. Ayni vaqtda qo‘mita ishi davom etyapti. Tajribali ekspertlar faoliyat olib boradigan qo‘mita ishni xolis ko‘rib chiqishiga shubha qilmaymiz. Kutamiz», - deydi PFL rahbari telegramdagi kanalida.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov «Neftchi» klubida yig‘ilish o‘tkazib, klub bosh murabbiyi Abdusamat Do‘rmonovni iste’foga chiqargan edi.

Teglar

O'xshash yangiliklar