O'zbek Ўзбекча
«Arsenal» – «Chelsi»: Murabbiy sifatidagi ilk sovrin Artetaga nasib qiladimi yoki Lempardga?
Shanba, 01 Avgust
3184

Bugun Londondagi «Uembli» stadionida hisob bo‘yicha 139-Angliya kubogi finali doirasida «Arsenal» hamda «Chelsi» o‘rtasidagi to‘qnashuv kuzatiladi. 

Angliyadagi futbol mavsumi mamlakat kubogining yangi egasini aniqlash orqali nihoyasiga yetkaziladi. Ushbu bahs Londonning ikki jamoasi murabbiylari uchun ham qadri baland. Zero, aynan ushbu o‘yin orqali Arteta yoki Lempard murabbiylik faoliyatidagi ilk sovringa ega chiqadi.

Anons. 1 avgust (yakshanba)
Angliya kubogi. Final

«Arsenal» - «Chelsi»

O‘yin boshlanish vaqti: 21:30

TV-translyatsiya: Match TV (Rossiya)

Sovrin sari yo‘l

«Chelsi»

Kubok bahslaridagi yo‘lni «Chelsi» Chempionshipning ikki vakilini mag‘lub etish orqali boshlagandi. «Nottingem Forest» 2:0 hisobida mag‘lub etilgan bo‘lsa, «Hall Siti» 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratilgan.

Keyingi bosqichlarda «aristokratlar»ning o‘yinlari qiyinlasha boshlagan. Nimchorakfinalda «Liverpul» to‘xtatilgan bo‘lsa, chorakfinalda «Lester» mag‘lub etildi. Yarimfinalda esa «Chelsi» «Uembli»da «Manchester Yunayted»ni (3:1) musobaqadan chiqarib yuborib, finalga yo‘llanma oldi.

«Arsenal»

«Arsenal»ning raqiblari esa yarimfinalgacha nisbatan nomdor emasdi. Dastlabki bosqichda APLga yo‘llanma olgan «Lids» mag‘lub etilgan bo‘lsa, keyingi raundda «Bornmut» turnirdan chiqarib yuborildi. Nimchorakfinalda «Portsmut» mag‘lub etilgan bo‘lsa, chorakfinalda «Sheffild Yunayted» kubokni tark etishiga to‘g‘ri keldi. Yarimfinalda esa Mikel Arteta o‘zining ustozi Pep Gvardiolaning «Manchester Siti» klubi ustidan 2:0 hisobida zafar quchib, finalgacha yetib keldi.

Faqat sovrin emas, yevrokubok uchun ham kurash

Unai Emeri qo‘l ostida mavsumni boshlagan «Arsenal» barcha turnirlarda o‘z o‘rnini yo‘qotib bo‘lgandi. Angliya liga kubogida «Liverpul»ga mag‘lub bo‘lib turnirni tark etgan bo‘lsa, chempionatda ham muvaffaqiyatsizliklar to‘xtamayotgan, Yevropa ligasida ham guruh bosqichidan zo‘rg‘a pley-offga chiqilgandi.

Arteta kelgach vaziyat biroz o‘nglandi, biroq Angliya Premer-ligasida yevrokuboklar uchun yo‘llanma olishning imkoni bo‘lmadi.

Shunga qaramay, Angliya kubogi orqali ham keyingi mavsum uchun Yevropa ligasiga chipta olishning iloji bor. Buning uchun «Arsenal» Angliya kubogi finalida «Chelsi»ni mag‘lub etishi shart bo‘ladi. Finalda mag‘lubiyatga uchralsa, «Arsenal» 1995 yildan buyon ilk marta yangi mavsum uchun yevrokuboklarsiz qoladi.

«Arsenal» - kubokdagi rekordchi

«Arsenal» klubi Angliya kubogida eng ko‘p finalga chiqqan ikki jamoadan biri bo‘lib turibdi: «Arsenal» va «MYU» ushbu turnir tarixida eng ko‘p – 20 martadan finalga yo‘llanma olgan. Kubokdagi g‘oliblik borasida esa «kanonirlar»ga yetadigan jamoa yo‘q – 20 marta finalda o‘ynagan «to‘pchilar» 13 marotiba Angliya kubogi sohibiga aylangan.

«Chelsi» esa o‘z tarixida 13 marta Angliya kubogi finalida o‘ynagan bo‘lsa, shulardan faqatgina 7tasida sovrinni boshi uzra ko‘tarish baxtiga muyassar bo‘lgan.

«Arsenal» va «Chelsi»ning final uchun taxminiy tarkibi:

Lempard: «Kubok «Arsenal»ga muhimroq ekanligi haqida o‘ylamaymiz»

«Chelsi» bosh murabbiyi Frenk Lempard Angliya Kubogi finalidan o‘rin olgan «Arsenal»ga qarshi bahs oldidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Final «Arsenal» uchun oddiy o‘yindan ko‘ra yuqori ahamiyatga ega ekanligini eshitdim. Bu gaplar meni xavotirga solmoqda. Bu – «Chelsi» uchun ham jiddiy bahs.

Premer-ligani kuchli to‘rtlikda yakunlash orqali nimadirga erishdik, deb o‘ylayman. Bundan mamnunmiz, ammo u voqea allaqachon o‘tmishda qoldi. «Chelsi» bo‘lajak o‘yin «Arsenal» uchun qanchalik muhimligi haqida o‘ylamaydi. G‘alaba qozonishni istaymiz.

Murabbiylikda uchralgan mag‘lubiyat futbolchilikdagi mag‘lubiyatdan ko‘ra og‘irroq bo‘ladi, chunki javobgarlik yuqoriroq. Ammo g‘alaba hissi yanada yoqimli», – deb Lempardning so‘zlarini keltiradi BBC.

Arteta: «Barcha futbolchilar mavsumni sovrin bilan yakunlamoqchi»

«Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta jamoa to‘purari Per-Emerik Obameyangning «Chelsi»ga qarshi Angliya kubogi finalidan keyin klubni tark etishi haqidagi gaplarni rad etdi.

«Obameyang Angliya kubogi finalidan keyin jamoamizni tark etadi, deb o‘ylamayman. Uning «Arsenal» bilan yana bir yillik shartnomasi borligini unutib qo‘yishmoqda. Biz uni o‘z safimizda olib qolib, uzoq yillik shartnoma taklif qilishni rejalashtirganmiz. U hozir qayerda to‘p surayotganliginidan faxrlanadi deb o‘ylayman.

Finaldagi g‘alaba biz uchun juda muhim. Muxlislarimiz singari, barcha futbolchilar ham mavsumni yuqori notada - sovrinni boshlari uzra ko‘tarib yakunlashni maqsad qilishgan», - deya Artetaning so‘zlarini keltirmoqda Goal nashri.

O'xshash yangiliklar