O'zbek Ўзбекча
FIFA futbolchilar orasida ishsizlik ko‘paymasligi uchun jiddiy o‘zgarishga qo‘l urdi
Juma, 12 Iyun
4564

Xalqaro futbol ittifoqi FIFA endilikda futbolchilarga bir mavsum davomida uchta jamoada o‘ynashga ruxsat berdi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida e’lon qilindi.

Tashkilot futbolchilar orasida ishsizlik darajasi ortib ketmasligi uchun ularga bir mavsumda uchta jamoada o‘ynashga ruxsat berdi. Bungacha futbolchilar bir mavsumda faqat ikkita jamoa safida o‘ynashi mumkin edi. Bu o‘zgarish vaqtincha bo‘lishi aytilmoqda va katta ehtimol bilan faqat bir mavsum amal qiladi.

Mavsum o‘rtasida faqat bitta qishgi transfer oynasi bor va yozgi transfer bozori barcha davom etayotgan chempionatlarda mavsum tugagach boshlanadi. Bunaqada qanday qilib futbolchi uchta klubda o‘ynashi mumkin, degan savol tug‘iladi. FIFA klublarga ba’zi talablarga rioya qilgan holda joriy mavsum tagaguniga qadar kelasi mavsum uchun futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat beradi.

Shu tariqa yanvardagi transfer oynasi vaqtida bir klubdan boshqasiga o‘tgan va allaqachon mavsum davomida ikkita klubda o‘ynashga ulgurgan futbolchi joriy mavsum oxirida yana klubini o‘zgartirishi mumkin. Bu o‘zgarish zaxirada qolib ketayotgan va erkin agentga aylangan futbolchilar uchun asqotadi.

Avvalroq FIFA klublar ko‘proq futbolchilarga imkon berishi va jarohatlarning oldini olish maqsadida o‘yin davomida 5 nafar futbolchini almashtirishga ruxsat bergandi. Bu o‘zgarish ham vaqtincha, pandemiya tugaguniga qadar bo‘lishi kutilmoqda. Qo‘shimcha vaqtlarda yana bitta o‘zgarish qilish qoidasi esa saqlanib qoladi.

O'xshash yangiliklar