O'zbek Ўзбекча
FIFA sobiq rahbarlari jahon chempionatlari Rossiya va Qatarda o‘tkazilishi uchun pora olganlikda ayblanmoqda
Seshanba, 07 Aprel
2267

AQSH FIFAning sobiq rahbarlariga qarshi ayblovlarni ilgari surdi. Ular jahon chempionatlari Rossiya va Qatarda o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlash uchun pora olganlikda gumon qilinmoqda.

Federatsiyaning sobiq vitse-prezidenti Jek Uorner Rossiyada chempionat o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlash uchun 5 million dollar olganlikda ayblamnoqda.

FQBning Nyu-York sharqiy okrug sudiga taqdim etgan hujjatlarida FIFAning yetti amaldori 2018 va 2022 yilgi jahon chempionatlari o‘tkaziladigan mamlakatlarni tanlashdagi ovozlari uchun ularga pora berishga va’da qilinganlikda yoki pul olganlikda ayblanmoqda.

5 million dollar, 10 ta ofshor kompaniya, 30 ta hisobraqam

Prokurorlarning bildirishicha, 2010 yil 1 noyabrda FIFA sobiq vitse-prezidenti Jek Uornerning yordamchisi elektron pochtasiga "Iltimos, unga kelishilgan ish shu haftada bajarilishini aytib qo‘ying" degan so‘zlar bitilgan maktub kelgan.

Keyingi bir necha oy davomida Uornerning Trinidad va Tobagodagi hisobraqamlariga 5 million dollarga yaqin pul tushgan, deb hisoblamoqda prokurorlar. O‘tkazmalar 10 ta ofshor kompaniyalar orqali aylangan va keyin AQSHdagi 30ta bank hisobraqamlari o‘rtasida taqsimlangan.

Trinidad va Tobago fuqarosi bo‘lgan Uorner hozircha AQSHga ekstraditsiya qilinmadi.

Ayblovda ta’kidlanishicha, FIFA ijroiya qo‘mitasining sobiq a’zosi gvatemalalik Rafael Salgeroga Rossiya foydasiga ovoz berishi uchun 1 million dollar pora va’da qilingan. Avvalroq Salgero korrupsiyaga aralashganini tan olgan va futboldan bir umrga chetlashtirilgandi.

Prokurorlar shuningdek, ovoz berish jarayonida Qatarni qo‘llab-quvvatlash uchun KONMEBOL sobiq prezidenti Nikolas Leos va Braziliya futbol federatsiyasi sobiq rahbari Rikardo Tesheyra ham pora olganligini ta’kidlashmoqda.

Leos o‘tgan yili vatani Paragvayda vafot etgan. Tesheyra bir umrga futboldan chetlatilgan.

Amerikaning 21st Century Fox telekorporatsiyasi rahbarlariga nisbatan ham ayblovlar ilgari surilgan. Tergovchilarning ma’lumotiga ko‘ra, ular futbol rahbarlariga translyatsiya huquqlari uchun pora berishgan.

Endi nima bo‘ladi?

Rossiya hukumati JCH-2018 o‘tkazilish joyini aniqlashdagi korrupsiya va poraxo‘rlik bilan bog‘liq barcha ayblovlarni rad etmoqda.

"Biz OAVdagi xabarlarni o‘qidik, gap nima haqida ketayotganini tushunmayapmiz. Rossiya jahon chempionatini o‘tkazish huquqini mutlaqo qonuniy qo‘lga kiritgan, bu hech qanday pora bilan bog‘liq emas, buni qat’iy rad etamiz", - dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Rossiya jahon chempionatini o‘tkazib bo‘lgan, Qatar esa endi o‘tkazadi. Bu arablarga qarshi birinchi ayblov emas - 2017 yilda Argentina telekompaniyasining sobiq rahbari Nyu-Yorkdagi sudda FIFA rahbarlari Qatardan pora olganini aytgandi.

2019 yil iyunda UEFA sobiq prezidenti Mishel Platini Qatar tanlab olinishidagi korrupsiya ishi bo‘yicha hibsga olingan va tergov qilingandi.

Yangi ayblovlar Rossiya va Qatar g‘alaba qozongan 2010 yilgi tanlov borasida FIFAda ichki tergov o‘tkazilishiga olib kelishi mumkin.

FQB qanday surishtiruv o‘tkazmoqda?

FIFA 2010 yilda 2018 yilgi jahon chempionatini Rossiyada, 2022 yilgi chempionatni esa Qatarda o‘tkazish uchun ovoz bergandi.

2015 yilda Syurixdagi mehmonxonada o‘tkazilgan tintuvlardan so‘ng AQSH adliya vazirligi FIFA rahbarlari va telekompaniyalar menejerlariga nisbatan surishtiruv olib borayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Ushbu mojaro FIFA prezidenti Zepp Blatter va UEFA prezidenti Mishel Platinilarning iste’fosiga sabab bo‘ldi. O‘shanda jami 42 kishiga nisbatan ayblov ilgari surilgan, ulardan 26 nafari aybiga iqror bo‘lgandi.

Teglar

O'xshash yangiliklar