O'zbek Ўзбекча
Milliy jamoamiz sobiq futbolchisi o‘zbek klubiga mag‘lub bo‘lgach, bir oydayoq Qozog‘iston klubi bosh murabbiyligidan haydaldi. Aslida nima bo‘lgandi?
Payshanba, 27 Fevral
12577

O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq futbolchisi Vladimir Maminov 14 yanvar kuni Qozog‘istonning besh karra chempioni «Aqto‘be» klubi bosh murabbiyi etib tayinlagandi. Ammo oradan ropa-rosa bir oy o‘tib, 14 fevral kuni «Aqto‘be» Turkiyadagi yig‘in doirasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida Navoiyning «Qizilqum» klubiga mag‘lub bo‘lgach (1:2), uchrashuvning ertasigayoq qozoq klubi boshqaruvi raisi Artur Smagulov Turkiyaga yetib kelib, Vladimir Maminovni klubdan haydadi. Xo‘sh, aslida nima bo‘lgandi? Quyida Tribuna.uz muxbiri voqealar rivojini kuzatib, milliy jamoamiz sobiq futbolchisining taqdiriga qiziqdi.

 Geynrix bilan birga quyi ligaga tushib ketgan chempion jamoa

Yaqin yillargacha Yevropa Chempionlar ligasi va Yevropa ligasi saralash bosqichlarida qatnashib yurgan Qozog‘istonning «Aqto‘be» klubi hozirga kelib qiyin damlarni boshdan o‘tkazmoqda. 2019 yilgi mavsumda jamoaning bir qator futbolchilardan qarzdorlik holatini bartaraf etmagani uchun FIFAning qaroriga ko‘ra, «Aqto‘be»dan 12 ochko olib tashlandi. Oxir-oqibat klub inqirozdan chiqa olmadi va 2019 yilgi mavsum yakuniga ko‘ra, Qozog‘iston Premer-ligasida so‘nggi 12-o‘rinni egallab, o‘z tarixida ilk marta quyi ligaga ravona bo‘ldi.

Natijada klub muassisi sanalmish Aqto‘be viloyati hokimiyati qaroriga ko‘ra, jamoa rahbariyati to‘liq tarkibda iste’foga chiqarildi. Shu jumladan, jamoa boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritayotgan hamyurtimiz Aleksandr Geynrix ham klubni tark etishga majbur bo‘ldi.

 Yangi rahbariyat va Maminovning tayinlanishi

2019 yil yakunida Aqto‘be viloyati hokimi Undasin O‘rozalin klubni o‘z nazoratiga olganligini ma’lum qilib, klub boshqaruv raisi sifatida hokimiyat strukturasidagi yosh kadrlardan biri Artur Smagulovni tayinladi. Klub bosh menejeri sifatida serbiyalik Goran Velkovich ish boshlagan bo‘lsa, oradan ikki hafta o‘tib, 14 yanvar kuni bosh murabbiy sifatida Vladimir Maminov tayinlandi.

Rahbariyat va murabbiylar oldiga yangi mavsum oldidan tarkibni shakllantirish, xorij yig‘inini puxta o‘tkazib, «Aqto‘be»ni yana Premer-ligaga qaytarish vazifalari qo‘yildi.

Ammo jamoa tarkibini Maminov boshqaruvida emas, u kelgancha shakllantirish boshlangan edi. Klub boshqaruv raisi Artur Smagulov futbolchi bo‘lishni istagan barcha havaskor yoshlarni «Aqto‘be» mashg‘ulotlariga ko‘rikka chaqirib, tarkibdan o‘rin olganlar jamoa bilan xorij yig‘iniga olib borilishini ma’lum qildi. Rahbariyatning bu qaroriga murabbiylar shtabi aralasha olmadi.

 5 million dollarlik byudjet va katta sarf-xarajat

Natijada «Aqto‘be» Turkiyadagi yig‘inda jamoa rahbariyati, murabbiylar shtabi, personal va ma’muriyatidan tashqari, 40 nafar futbolchi bilan yo‘l oldi. Bu juda ko‘p edi. Bosh murabbiyi Maminov yakuniy yig‘inda qo‘l ostidagi futbolchilaridan tashqari havaskorlarni ham sinashi talab etilardi. Klub Antaliyadagi yig‘indan avval Maminovning roziligisiz, bosh menejer Goran Velkovich taklifi bilan qozog‘istonlik aksariyat futbolchilar bilan shartnoma imzolashga ham ulgurgandi.

 Ma’lum bo‘lishicha, serbiyalik bosh menejer Turkiyadagi yig‘in davomida mehmonxona to‘lovi, transport, maydon ijarasi va klub sport liboslari uchun bozor narxidan ancha ko‘p miqdordagi mablag‘ni sarflagan. Shunga qaramay, «Aqto‘be»ning yillik byudjeti bunga yo‘l qo‘ygan. Sababi quyi ligaga tushib ketgan jamoa uchun mahalliy hokimiyat buyudjeti hisobidan ancha ko‘p - yillik 2 milliard tenge, ya’ni 5 million AQSH dollaridan ko‘proq smeta tasdiqlangan. Ajablanarlisi, ikki haftalik yig‘in davomida katta xarajatlar qilgan serbiyalik menejer klubda rasmiy maqomda faoliyat olib bormagan.

 «Qizilqum»ga mag‘lubiyat va Maminovning xaydalishi

Dastlabki yig‘inni Maminov qo‘l ostida o‘tkazgan «Aqto‘be» to‘rt o‘yinda bir g‘alaba, bitta durang, ikki mag‘lubiyatga uchradi. 14 fevraldan Turkiyadagi ikkinchi yig‘inga kirishgan aqto‘beliklar Navoiyning «Qizilqum» klubiga qarshi maydonga tushib, mag‘lubiyatga uchradi. Aynan ushbu o‘yindan keyin voqealar rivoji o‘zgarib ketdi. Klub boshqaruv raisi Smagulov zudlik bilan Turkiyaga yetib kelib, Maminovni klubdagi ishidan ozod etdi. Klub rasmiy sayti esa bosh murabbiy iste’foga chiqarilgani haqida emas, jamoaning Turkiyadagi yig‘inini tark etganligi haqida e’lon qildi.

 «U jamoani boshqara olmadi» - klub rahbari murabbiyning iste’fosini izohladi

Ko‘p o‘tmay, Smagulov Maminovni nega jamoadan haydaganligini klub rasmiy sayti orqali e’lon qildi:

«Vladimir Aleksandrovichni jamoaning Turkiyadagi o‘rtoqlik o‘yinida qayd etgan qoniqarsiz natijalari uchun emas, klubdagi ichki holat juda yomon ekanligi uchun bo‘shatdik. Mahalliy o‘yinchilar va boshqa futbolchilar o‘rtasida ziddiyatlar kelib chiqa boshlagandi. Jamoaning o‘yinida ham o‘sish kuzatilmadi. U jamoani boshqara olmadi. Buning uchun murabbiy javogar sanaladi. Klubga mas’ul shaxs sifatida chora ko‘rishga majbur edim. Bosh murabbiy bilan birga bosh menejeri Goran Velkovich ham klubni tark etdi» - degan klub raisi.

 «Klubdan ketganim yo‘q» - Maminov iste’foni rad etmoqda

O‘z navbatida klub bosh murabbiy ketganligini e’lon qilgan bo‘lsa-da, Vladimir Maminov klubni rasman tark etmaganligini aytadi. Bu haqda uning o‘zi yozib olgan videolarida ma’lum qilgan.

«Klub rahbari mashg‘ulot vaqtiga kelib, meni vazifamdan ozod etganligini og‘zaki ma’lum qildi. Ammo iste’foga chiqarilishim haqida hech qanday rasmiy xabarnoma olganim yo‘q. Mashg‘ulotlarni jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy olib bormoqda, men hech qayerga ketganim yo‘q, ish joyimdaman. Rahbariyat maydonga chiqib jamoa bilan ishlashimga to‘sqinlik qilmoqda. Ular futbolchilarni menga qarshi intervyu berishga chaqirmoqda» - deydi O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq futbolchisi barcha jarayonni o‘zi telefoni orqali videoga muhrlab.

 «Biz sizni emas, rahbariyatni eshitamiz – siz murabbiy emassiz». Futbolchilar Maminov bilan mashg‘ulot o‘tkazishdan bosh tortishdi

E’tiborlisi, Maminovning videoyozuvlaridan birida futbolchilar klub rahbariyati buyrug‘iga asosan uning qo‘l ostida mashg‘ulot o‘tkazmasliklarini aytishgan.

Quyidagi videoda shunday so‘zlarni eshitish mumkin: «Siz bilan birga mashg‘ulot o‘tkazmaslik haqida buyruq berishdi. Biz uni (Artur Smagulov) eshitamiz, sizni emas. U sizdan kattaroq lavozimda, u klubda asosiy shaxs. Uning buyrug‘i biz uchun muhimroq. U siz murabbiy emasligingizni aytdi» - deydi videoda futbolchilardan biri.

 Barchasi qanday yakunlandi?

Qariyb bir hafta davom etgan klubdagi mojarolar Vladimir Maminovning rasman iste’foga chiqarilishi bilan yakunlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, aksariyat futbolchilar chindanam bosh murabbiyning ishidan norozi bo‘lishgan. Ular mashg‘ulotlarni juda zerikarli va foydasiz deb bilishgan. Tanqidlar va «futbol odami» emasligi haqidagi gaplarga qaramay, klub boshqaruv raisi Artur Smagulov o‘z ishini davom ettirmoqda.

 Bugunga kelib Vladimir Maminov o‘rniga rossiyalik mutaxassis Aleksey Petrushin «Aqto‘be» bosh murabbiyi etib tayinlandi. U bungacha Qozog‘istonning «Qayrat» va «Ordabasi» klublarini boshqargan. Yangi murabbiy ish boshlagach, «Aqto‘be» bir qator legioner futbolchilar bilan shartnoma imzolab, yangi mavsumga taraddud ko‘rmoqda. Hozirda yana ishsiz qolgan milliy jamoamiz sobiq futbolchisi Vladimir Maminov esa qozoq klubidan tovon puli undirilishni istamoqda.

 Usmon Ibodov tayyorladi.

Teglar

O'xshash yangiliklar