«Manchester Siti»ning chililik darvozaboni Klaudio Bravo vatandoshlariga yordam qo‘lini cho‘zdi.
Daily Mail xabariga ko‘ra, futbolchi 2017 yili Chilida yuz bergan o‘rmon yong‘inlarida uylaridan ajralgan 4 oilaga yangi uy olib berdi. Dahshatli fojiada 11 inson halok bo‘lgan, 3 mingdan ortiq uylar va 400 ming gektar hududdagi o‘rmonlar yonib ketgan edi.
Jabrlangan oilalardan birida yashovchi 9 yoshli bolakay Kamilo darvozabondan futbolkasini sovg‘a qilishni so‘ragan edi. Bravo uning iltimosini bajardi va bolakayning uysiz ekanini bilib qoldi. Shundan so‘ng u o‘z hisobidan Kamilo va yana uchta oilaga yangi uy olib berdi.
Klaudio Bravo 2016 yildan beri «Manchester Siti» sharafini himoya qilmoqda. Uning maoshi yiliga 3,5 million yevroga teng.