O'zbek Ўзбекча
Ronaldu: «Manchesterdan ko‘ra Madridni ko‘proq sog‘inaman»
Seshanba, 30 Iyul
7028

«Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronaldu Ispaniyada bo‘lib, Marca nashridan «Afsona» mukofotini qabul qilib oldi.

Taqdirlash marosimida «Real» prezidenti Florentino Peres va portugaliyalik futbolchining agenti Jorje Mendesh ham qatnashdi.

Sovrin Ronalduga futboldagi yorqin karerasi uchun e’tirof ramzi sifatida taqdim etildi. Shundan so‘ng Krishtianu to‘p tepgan beshta jamoa futbolkasidagi besh bola undan intervyu oldi.

«Sporting»ning 28-raqamli futbolkasidagi qizcha yulduz futbolchidan: «Bolaligingizda eng yaxshi futbolchi bo‘lishingizni bilarmidingiz? Qo‘lga kiritgan sovrinlaringizni yuta olishingizni tasavvur qilganmisiz?» deb so‘radi.

«Yo‘q, bu haqda hech qachon o‘ylamaganman. Orzum – professional futbolchi bo‘lish edi», – deb javob berdi Ronaldu.

«Manchester Yunayted»ning 7-raqam futbolkasidagi bolaning: «Manchesterni ko‘proq sog‘inasizmi yoki Madridni?» degan savoliga hujumchi:

«Ikkalasini ham, lekin hayotimdagi eng muhim voqealarning ko‘proq qismi Madridda bo‘lgan. Farzandlarim shu yerda tug‘ilgan, sevgan yorimni shu yerda uchratdim, shuning uchun Madridni ko‘proq sog‘inaman».

«Yevropa chempionligi faoliyatingizdagi eng yaxshi, siz eng ko‘p faxrlanadigan sovrinmi?» – deb so‘radi Portugaliya milliy jamoasi libosidagi qizcha.

«Hamma sovrinlar muhim, lekin katta ehtimol bilan shunday, chunki Yevropa chempionligining o‘rni bo‘lakcha, boshqalarga o‘xshamaydi. O‘z vataning uchun nimadir yuta olsang va bu juda ham qiyinligini bilsang... Bu – faoliyatimdagi eng muhim narsa», – deb javob qildi Ronaldu.

«Real» futbolkasidagi bola savol bermay, uning klubdan ketganidan afsusdaligini aytdi: «Real»dan ketganingizda xafa bo‘ldim». Bunga «Men ham» deb munosabat bildirgan Krishtianu yosh muxlisi bilan qo‘l tashlashdi.

Oxirgi savol muallifi, «Yuventus» futbolkasidagi bola: «Bu yil Chempionlar ligasida g‘alaba qozonasizmi?» degan savoli bilan yig‘ilganlarga yengil tabassum ulashdi.

«Bilmayman, – dedi Ronaldu. – Biz har doimgidek shunga harakat qilamiz. «Yuventus» g‘olib chiqishiga umid qilaman».

Ma’lumot uchun, Marca «Afsona» sovrinini 1997 yilda ta’sis etgan. Shundan buyon qator sport turlari vakillaridan 40 nafardan ko‘prog‘iga bu mukofot berilgan. Pele, Diyego Maradona, Alfredo di Stefano, Zinedin Zidan, Luis Aragones, Raul Gonsales, Lionel Messi, Ronaldo, Andres Inesta, Fernando Torres, Luis Suares kabi futbolchilar shular jumlasidan.

Teglar

O'xshash yangiliklar