O'zbek Ўзбекча
O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasiga yangi rais saylandi
Payshanba, 18 Iyul
1638

Milliy olimpiya qo‘mitasi majlislar zalida O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasining navbatdan tashqari IX Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiya ishida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov, MOQ vitse-prezidenti Azizjon Komilov, O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasi mutasaddilari, federatsiyaning mintaqaviy bo‘limi rahbarlari, murabbiylar, sportchilar va Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Konferensiya kun tartibidagi asosiy masala federatsiyaga yangi rais va uning birinchi o‘rinbosarini saylashdan iborat edi. Konferensiyani olib borgan tashkilot bosh kotibi J.Atabullayev federatsiya raisligiga O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Oybek Qobiljonovich Norinboyev nomzodini taklif qildi. Konferensiya ishtirokchilari ushbu nomzodni bir ovozdan qo‘llab quvvatlashdi va Oybek Norinboyev O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasi raisi etib saylandi.

Raisning birinchi o‘rinbosari lavozimiga esa O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining turizm va transport ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘rinbosari Doniyor Baxtiyorovich Qodirov nomzodi ilgari surildi. Delegatlar bu nomzodga ham ishonch bildirishdi va Doniyor Qodirov bir ovozdan O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari etib saylandi.

Shundan so‘ng, MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov so‘z olib, federatsiyaning yangi saylangan rahbarlarini Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan tabrikladi.

Federatsiyaning yangi rahbari Oybek Norinboyev ishonch uchun minnatdorchilik bildirar ekan, jumladan shunday dedi:

“Oldimizda nihoyatda mas’uliyatli vazifa turibdi. Barchamiz birgalikda harakat qilsak ko‘zlagan maqsadimizga yetishimizga ishonchim komil. Biz hamjihatlikda ushbu sport turini yangi bosqichga olib chiqishimiz kerak. O‘shandagina Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida g‘alabalar o‘z o‘zidan keladi. Menga bildirilgan yuksak ishonch uchun Prezidentimizga, Milliy olimpiya qo‘mitasi va Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman. Ishonchni oqlash uchun bor imkoniyatimni ishga solishga va’da beraman”, - deya o‘z so‘zini yakunladi O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasining yangi saylangan raisi.

Teglar

O'xshash yangiliklar